27.11.2026, Juma+8.7°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+8.7°CToshkent$11 987.89 27.11.2026

Poyabzal va transformatorlarni majburiy markirovkalashni 2028-yildan joriy etish taklif qilinmoqda

Iqtisod 26.11.2026 21:21 0Gazeta
Poyabzal va transformatorlarni majburiy markirovkalashni 2028-yildan joriy etish taklif qilinmoqda

2027-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda ayrim turdagi poyabzal va transformatorlarni raqamli markirovkalash tizimini tajriba tariqasida joriy etish taklif qilinmoqda. 2028-yil 1-yanvardan esa ushbu talab majburiy bo‘lishi kerak. Bu haqda Soliq qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan Hukumat qarori loyihasida so‘z boradi.

Ichki bozorda sotiladigan oyoq kiyimlarini 2028-yildan majburiy raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘yicha Soliq qo‘mitasi va “Asl belgisi” markirovka operatoriga topshiriq shu yil iyul oyida prezidentning charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan qarorida ham belgilangan.

Sentabr oyida qabul qilingan boshqa bir qarorda esa elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2027-yildan transformatorlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish topshirilgan edi.

E’lon qilingan qaror loyihasiga ko‘ra, majburiy raqamli markirovka qo‘llaniladigan mahsulotlar ro‘yxatiga TIF TN kodi 8504 bo‘lgan transformatorlar hamda quyidagi kodlarga ega oyoq kiyimlari kiritilishi taklif etilmoqda:

  • 6401 — rezina yoki plastmassadan tayyorlangan taglik va ustki qismga ega suv o‘tkazmaydigan oyoq kiyimlari;

  • 6402 — rezina yoki plastmassadan tayyorlangan taglik va ustki qismga ega boshqa turdagi oyoq kiyimlari;

  • 6403 — ustki qismi tabiiy yoki kompozitsion charmdan tayyorlangan oyoq kiyimlari;

  • 6404 — ustki qismi to‘qimachilik materiallaridan tayyorlangan oyoq kiyimlari;

  • 6405 — boshqa turdagi oyoq kiyimlari.

2028-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoki mamlakatga olib kirilgan, ammo raqamli markirovka qo‘yilmagan poyabzallar va transformatorlarni ma’lum muddat davomida sotishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar bunday mahsulot qoldiqlarini 2028-yil 1-aprelgacha, ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchilar 1-iyulgacha, chakana savdo qiluvchilar esa 1-oktabrgacha sotishlari mumkin bo‘ladi.

Loyihada elektr akkumulyatorlari va ular uchun mo‘ljallangan separatorlar muomalasiga nisbatan qo‘shimcha talablar ham nazarda tutilgan. 2027-yil 1-yanvardan boshlab bunday mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkasiz ishlab chiqarishni, shuningdek, yuk bojxona deklaratsiyasida jamlanma import kodi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatmasdan ularni import qilishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va ulgurji savdo tashkilotlariga yangi talablar kuchga kirganidan keyin olti oy davomida markirovka qo‘yilmagan mahsulot qoldiqlarini sotishga ruxsat beriladi. Ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilar ham bunday mahsulot qoldiqlariga ixtiyoriy ravishda va bepul raqamli markirovka qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi vaqtda 2019-yilda joriy etilishi boshlangan Asl belgisi majburiy raqamli markirovka tizimi alkogol va tamaki mahsulotlari, maishiy texnika, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar, agrokimyo vositalari, shuningdek, suv va salqin ichimliklarni qamrab olgan.

Ushbu tizimning eksklyuziv operatori CRPT Turon kompaniyasi hisoblanadi.

O‘xshash yangiliklar