22-noyabr kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida qurilishi tugallanmagan ikki qavatli restoran binosida yong‘in yuz berdi. Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Gazeta`ga ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida O‘zbekistonning 2 nafar fuqarosi halok bo‘ldi.
Qurbonlar ushbu obyektning qurilish ishlarida mehnat qilgan bo‘lib, I.R.A. (40 yoshda) hamda B.B.B. (38) tutundan zaharlanish oqibatida vafot etgan.
Yana bir nafar fuqaro A.A.A. (27 yosh) Jalolobod viloyati klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Holat yuzasidan mahalliy idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vaziyat O‘zbekistonning O‘shdagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan, marhumlarning jasadini vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda, qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatilgan, deydi matbuot kotibi.




