O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtko‘prik” (“Jibek Joli”) o‘tkazish punkti 25-noyabr soat 16:00 dan fuqarolar harakatlanishi uchun ochiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husen Tangriyev Instagram sahifasida xabar qildi.
Bungacha ikki mamlakatning tegishli idoralari rahbarlari ishtirokida postning rasmiy ochilish marosimi, shuningdek, obyektni qabul qilish va foydalanishga topshirish tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Toshkentda “Chernyayevka” nomi bilan tanilgan ushbu punkt butunlay qayta qurildi. U 2025-yil fevral oyida yopilgandi. Ishlar to‘rt oy davom etishi kutilgandi, biroq muddat uzaytirildi. Punktni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari 2022-yil noyabr oyida boshlangan edi.




