Keksalarga nega isiniş qiyin?

Tananing haroratni saqlab turiş qobiliyati faqat asab tizimi va moddalar almaşinuviga boğliq emas. Bunda yoğ va immun hujayralarining özaro taʼsiri ham muhim rol öynaydi. Bu boğlanişning buzilişi yoş ötişi bilan sovuqqa moslaşiş nega qiyinlaşişini izohlaşi mumkin. Organizmga issiqlik işlab çiqarişda yordam beradigan qönğir yoğ töqimasi faoliyatini örgangan tadqiqotçilar şunday xulosaga keldi.
Bekman tadqiqot instituti (AQŞ), Uxan universiteti (Xitoy) va boşqa oliy taʼlim muassasalari xodimlari tajribalar ötkazib, immun hujayralari qönğir yoğ hujayralarining bir qismini kamroq faol holatda uşlab turuvçi molekula ajratib çiqarişini aniqladi.
Yoş ötişi bilan bu signal kuçayadi. Natijada töqimaning köproq issiqlik işlab çiqariş rejimiga ötişi kamroq samara beradi. Tadqiqot Nature jurnalida eʼlon qilingan.
Asosan energiyani zaxira sifatida töplaydigan oq yoğ töqimasidan farqli ravişda, qönğir yoğ töqimasi energiya sarflaş va termogenezda, yaʼni issiqlik işlab çiqarişda iştirok etadi. Bu jarayonda UCP1 oqsili muhim vazifani bajaradi.
Biroq qönğir yoğ hujayralari bir xil emas. Ayrimlarida UCP1 köp bölib, ular termogenezda faol qatnaşadi. Boşqalarida esa bu oqsil ança kam. Tadqiqot mualliflari ularni mos ravişda BA-H va BA-L deb belgiladi.
Odatdagi xona haroratida yoş siçqonlarning qönğir yoğ töqimasidagi hujayralarning taxminan 30–50 foizini BA-H taşkil etgan. Sovuqda ularning uluşi oşgan, iliqroq şaroitda esa BA-L hujayralari ustunlik qilgan. Olimlar bunday özgariş immun hujayralari qöşni yoğ hujayralariga uzatadigan signallarga boğliqligini aniqladi.
Xususan, immun hujayralarining turlari bölgan neytrofillar va makrofaglar interleykin-1β (IL-1β) ajratib çiqaradi. Bu signal molekulasi qönğir adipotsitlarda, yaʼni yoğ hujayralarida H6PD oqsili miqdorini yuqori darajada saqlab turişga yordam beradi.
H6PD faol glyukokortikoidlar hosil bölişida iştirok etadi. Bu gormonlar glyukokortikoid retseptoriga taʼsir qiladi. Retseptor esa Rgs2 geni faolligini kuçaytiradi. Uşbu gen kodlaydigan RGS2 oqsili UCP1 işlab çiqarilişi uçun zarur signalni susaytiradi. Natijada hujayralar kamroq issiqlik hosil qiladigan holatda qoladi.
Siçqonlar sovuqqa tuşganda simpatik asab tizimi noradrenalin ajratib çiqargan. U immun hujayralarining IL-1β işlab çiqarişini kamaytirgan, şundan söng qönğir adipotsitlarda H6PD miqdori pasaygan. UCP1 işlab çiqarilişini susaytiruvçi signallar zanjiri ham zaiflaşgan.



