Andijon viloyatida 2 ming dollar pora olishda gumonlangan elektr tarmoqlari korxonasining ikki xodimi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon tumani elektr tarmoqlari korxonasi Kuyganyor bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Z.S. va bo‘lim muhandisi X.T. o‘zaro til biriktirib, fuqarodan pul talab qilgani aniqlangan.
Xususan, fuqaro M.Q.ning “Noxatak” mahallasidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani yuzasidan dalolatnoma tuzilgan. Gumonlanuvchilar ushbu holat bo‘yicha 400 mln so‘m zarar hisoblanishini aytib, 2 ming dollar evaziga uni 65 mln so‘mga kamaytirib berishni va’da qilgan.
Ular kelishilgan 2 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.




