Xalqaro qidiruvda bo‘lgan sobiq davlat tashkiloti mas’ul xodimi Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qidiruvda bo‘lgan Y.G. Turkiya hududida ushlangan va O‘zbekistonga olib kelingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Xorazm viloyatidagi bandlikka ko‘maklashish tashkilotida mas’ul xodim lavozimida ishlagan davrida mansab vakolatlaridan foydalanib, davlat mablag‘larini talon-toroj qilganlikda va hujjatlarni qalbakilashtirganlikda ayblanmoqda.
Mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bo‘yicha qidiruvga berilgan edi.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.




