O‘zbekistonda energetika sohasida bir qator rahbarlik lavozimlariga yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Prezidentning tegishli qarori bilan Umid Mamadaminov Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Uning o‘rniga Abdumalik Nazirov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Shuningdek, prezidentning tegishli qarori bilan Otabek Amonov energetika vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U avval Atom energiyasi agentligining AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.




