O‘zbekistonda 21–22-noyabr kunlari havo harorati kunduzi 20–25 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 20-noyabr kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Faqat kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati 20–25 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari ham mamlakatning aksariyat hududlarida quruq va iliq ob-havo saqlanib qoladi. Biroq 21-noyabr, shanba kuni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, 22-noyabr, yakshanba kuni esa respublikaning shimoliy hududlarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Havo harorati kechalari 9–14 daraja iliq, kunduzi esa 20–25 darajagacha ko‘tariladi.
Ayrim joylarda tuman tushishi kutilmoqda. Shamol sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi, ba’zi hududlarda uning tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin. Shamol ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi ehtimoli bor.
21-noyabr kuni respublikaning ayrim tog‘li hududlarida yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin.
Toshkent shahrida dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan sekundiga 3–8 metr tezlikda esadi. Havo harorati kechalari 11–13 daraja, kunduzi 20–22 daraja iliq bo‘ladi.




