Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Bektemir tumanlaridagi ayrim hududlarda tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanining Qorasuv-4 mavzesida joylashgan Muruvvat uyi va ko‘p qavatli uylarni gaz bilan ta’minlovchi diametri 108 millimetr bo‘lgan yerusti gaz quvurini ko‘chirish va qayta ulash ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, Bektemir tumanining Vodnik mavzesida A-373 avtomobil yo‘lidan Toshkent shahriga kirish yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari sabab xavfsiz hududga ko‘chirilgan diametri 426 millimetr bo‘lgan yuqori bosimli yerosti gaz quvuri qayta ulanadi.
Shu munosabat bilan 20-noyabr kuni soat 09:00 dan 18:00 ga qadar Mirzo Ulug‘bek tumanining Qorasuv-4 mavzesidagi Muruvvat uyi va 54 ta xonadonning gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Bektemir tumanida esa Majnuntol mahallasining Majnuntol va Rohat ko‘chalaridagi 1 086 ta yer hovli, Mirishkor mahallasining Suvchi dahasidagi 8 ta ko‘p qavatli uyning 803 ta xonadoni, Rohat mahallasining Suvchi dahasidagi 2 ta ko‘p qavatli uyning 27 ta xonadoni hamda 324 ta yer hovlining gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Bundan tashqari, “Omadli Shohrux” avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi, “Viola” issiqlik markazi, “Texnopark”ning 6-korxonasi, “Yashnobod OTQ”, “Oziq-ovqat standart” korxonasi, Bektemir sanoat zonasi hamda 18 ta kichik va o‘rta biznes subektida ham gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Ta’mirlash va qayta ulash ishlari yakunlangach, tabiiy gaz ta’minoti iste’molchilar ogohlantirilgan holda bosqichma-bosqich tiklanadi.




