Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasida yangi ekologik dam olish maskani barpo etilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy maydoni 5 gektarni tashkil etadi. Shundan 17 ming kvadrat metri sun’iy suv havzasi uchun ajratilgan. Qolgan hududda bolalar maydonchalari, shiyponlar va barbekyu zonalari tashkil etiladi.
Shuningdek, dam olish maskanida quyosh panellari, suvni tozalash va ozonlash tizimlarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Sun’iy suv havzasi chang miqdorini kamaytirish, havoni namlantirish va hududda qulay mikroiqlim yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, geologik tadqiqotlar hududning loyihani amalga oshirish uchun mos ekanini tasdiqlagan. Hozirga qadar asosiy qurilish ishlarining 30 foizdan ortig‘i bajarilgan.
Ayni paytda konstruksiyalarni armaturalash va mustahkamlash, shuningdek, tirgak devorini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, devorning qariyb 800 metrli qismini qurish va suv havzasi tubidan tuproqni to‘liq olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Loyihani 2026-yil oxirigacha yakunlash mo‘ljallanmoqda. Dam olish maskani foydalanishga topshirilgach, aholi bu yerda sayr qilishi, hordiq chiqarishi va sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Hokimlik qurilish ishlari doimiy nazorat ostida olib borilayotgani, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilayotgani hamda loyihaning barcha bosqichlarida ekologik talablar va qonunchilikka rioya qilinayotganini bildirgan.




