23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Jahon shaxmat toji uchun bahs arafasida: Sindarov va Gukesh bir-birini qanday baholadi

O'zbekiston 23.11.2026 08:26 0Sputniknews
Jahon shaxmat toji uchun bahs arafasida: Sindarov va Gukesh bir-birini qanday baholadi
TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Shveysariyaning Jeneva shahrida jahon shaxmat toji uchun bahs oldidan Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi The Times of India.
Sindarovning aytishicha, bitta raqib bilan ketma-ket 14 partiyagacha o‘ynashga tayyorgarlik odatdagi musobaqalardan jiddiy farq qiladi.
Dastlab u olti oy yetarli deb o‘ylagan, ammo hozir bu muddat ham kamlik qilishi mumkinligini tushungan.
O‘zbekistonlik grossmeyster chempionlik imkoniyatlarini 50 ga 50 deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, Gukesh kuchli shaxmatchi, ayniqsa murakkab pozitsiyalarni hisoblashda va oxirigacha kurashishda katta mahoratga ega.
Gukesh esa Sindarovning so‘nggi paytlardagi barqaror natijalarini yuqori baholadi. U o‘zbekistonlik raqibini turli pozitsiyalarda yaxshi o‘ynay oladigan universal shaxmatchi deb ta’rifladi.
Sindarov sentabr oyida Reuters agentligiga bergan intervyusida Gukeshning so‘nggi musobaqalardagi natijalariga alohida ahamiyat bermayotganini aytgan edi.
Uning ta’kidlashicha, jahon chempionligi uchun bahsda hindistonlik shaxmatchi butunlay boshqacha o‘yin ko‘rsatishi mumkin. Shu bois Sindarov raqibining eng kuchli o‘yiniga qarshi tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan.
Jahon toji uchun bahs qanday o‘tadi?
Xalqaro shaxmat federatsiyasi — FIDE tasdiqlagan reglamentga ko‘ra, chempionlik bahsi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi.
G‘alaba uchun 1 ochko, durang uchun 0,5 ochko beriladi.
Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi jahon chempioni bo‘ladi.
Agar 14 partiyadan keyin hisob 7:7 bo‘lsa, g‘olib tay-breykda aniqlanadi.
Har bir shaxmatchiga dastlabki 40 yurish uchun 120 daqiqa beriladi. Keyin yana 30 daqiqa qo‘shiladi. 41-yurishdan boshlab har bir yurish uchun qo‘shimcha 30 soniya ajratiladi.
Qora donalar bilan o‘ynayotgan shaxmatchining 40-yurishigacha durang taklif qilish mumkin emas. Reglamentda ayrim istisnolar belgilangan.
Tay-breykda dastlab har bir shaxmatchiga 15 daqiqa va har yurish uchun 10 soniya qo‘shimcha vaqt beriladigan to‘rtta partiya o‘tkaziladi.
Mukofot jamg‘armasi qancha?
Chempionlik bahsining umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi.
Asosiy tartibga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun 200 ming dollar ajratiladi, qolgan pul esa ikki shaxmatchi o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Agar chempion tay-breykda aniqlansa yoki reglamentda belgilangan ayrim natijalar qayd etilsa, g‘olib 1,3 million, mag‘lub esa 1,2 million dollar oladi.
Birinchi partiya qachon?
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi ilk partiya 24-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
Klassik partiyalar 11-dekabrgacha davom etishi mumkin. Zarur bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.
Javohir Sindarov O‘zbekiston tarixida shaxmat bo‘yicha mutlaq jahon chempioni unvoni uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi shaxmatchi hisoblanadi.

O‘xshash yangiliklar