23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda xorijliklarni vaqtincha saqlash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Jamiyat 20.11.2026 13:01 0Sputniknews
O‘zbekistonda xorijliklarni vaqtincha saqlash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda
TOShKENT, 20 noya – Sputnik. O‘zbekiston IIV chiqarib yuborilishi yoki deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun maxsus vaqtincha saqlash markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Tegishli qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Markazlarni 2027-yilda Toshkent shahrida, 2028–2030 yillar davomida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida bosqichma-bosqich tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan maishiy sharoitlar yaratiladi.
Erkaklar va ayollar alohida joylashtiriladi. Shuningdek, yuqumli kasalliklarga chalinganlar hamda tibbiy nazoratga muhtoj kishilar uchun alohida xonalar ko‘zda tutilgan.
Markazda bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashash maydonining normasi ikki yarim kvadrat metrdan, ayollar va voyaga yetmaganlar uchun esa uch kvadrat metrdan kam bo‘lmagan o‘lchamda belgilanadi. Homilador ayollar va bolali ayollar saqlanadigan xonalarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashash maydoni to‘rt kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi lozim.
Markazda saqlanayotgan shaxslarning shaxsi va yashash joyi aniqlanganidan so‘ng (vatanga qaytish guvohnomasi) ular doimiy yashash davlatiga jo‘natiladi hamda bu haqida shaxsni markazga joylashtirgan IIB ga ma’lumot yuboriladi.
Markazda umumiy saqlash muddati bir yildan oshmasligi shart.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda uzoq muddat yashayotgan chet elliklar soni 250 mingga yaqinlashgan. Uzoq muddat yashayotgan xorijlik fuqarolardan 36 ming nafari ishlashga ruxsatnoma olgan, yana 24 ming nafari talaba.

Ishlashga ruxsat olganlarning 80 foizi qurilish, qurilish materiallari, to‘qimachilik va xizmat ko‘rsatishda ishlayapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi qolgan xorijliklar nima ish bilan shug‘ullanayotgani va daromad manbalari haqida aniq ma’lumot bo‘lishi shartligini ta’kidlagandi.

O‘xshash yangiliklar