23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Milliy axborot-kutubxona haftaligi muvaffaqiyatli yakunlandi

Jamiyat 23.11.2026 07:37 0Uza
Milliy axborot-kutubxona haftaligi muvaffaqiyatli yakunlandi

Haftalikning sönggi kuni Qoraqalpoğiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tomonidan maktab taʼlim muassasalari axborot-kutubxona xodimlari uçun maxsus seminar-trening taşkil etildi.

Tadbir davomida axborot-kutubxona muassasalarida kutubxona resurslarini hisobga oliş va çiqariş, axborot-kutubxona resurslarini saqlaş tartibi, kitobxonlarga körsatilayotgan xizmatlar, axborot-kutubxona resurslarini kataloglaştiriş böyiça iş jarayoni, hujjatlarga texnik jihatdan işlov hamda davlat standartlari asosida bibliografik tavsif beriş kabi asosiy yönalişlar böyiça taqdimotlar ötkazildi.

Şuningdek, maʼlumot-bibliografiya xizmatida asosiy tuşunçalar, davlat bibliografiyasi, tavsiya röyxatlari, bibliografik körsatkiçlarning turlari, şaxs biobibliografiyasining maqsadi, bibliografik qöllanmalarni tuziş tartibi, raqamlaştiriş işlarining borişi böyiça keng maʼlumot berildi. Qizğin muloqot ruhida ötgan tadbirda iştirokçilar özaro tajriba almaşdilar va özlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ellikqalʼa tuman axborot-kutubxona markazida öquvçi-yoşlar iştirokida “Yagona Özbekiston kitob va kutubxonadan boşlanadi” şiori ostida davra suhbati ötkazildi.

Tadbirda bağrikenglik, millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik, özaro hurmat va mehr-oqibat kabi ezgu qadriyatlarning jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida atrofliça söz yuritildi. Şuningdek, kitobning inson maʼnaviyatini yuksaltiriş, dunyoqaraşini kengaytiriş hamda yoşlarni ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalaşdagi örni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Milliy axborot-kutubxona haftaligi munosabati bilan Ellikqalʼa tumani Axborot-kutubxona markazida Tuman maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Kitobxon adliya xodimi” körik-tanlovi taşkil etildi.

Unda adliya tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar öz salohiyatini namoyiş etib, kitobxonlik borasidagi bilimlarini sinovdan ötkazdilar.

Tanlovda birinçi örinni tuman Davlat xizmatlari markazi yetakçi mutaxassisi Tohir Qliçnazarov, ikkinçi örinni FHDYO bölimi 1-toifali inspektori Fazliddin Jumaniyozov, uçinçi örinni Davlat xizmatlari markazi rahbari Nizomjon Xodjiyev egalladi.

Törtköl tuman Axborot-kutubxona markazida taşkilotlar va maktab kutubxonaçilari iştirokida “Uçinçi renessans: kutubxona va kutubxonaçilar” mavzusida seminar taşkil qilindi.

Seminar davomida bugungi kun kutubxonaçilari kitobxonlarga kerakli adabiyotlarni tavsiya etiş, axborotni izlaş va undan samarali foydalanişga kömaklaşiş, kitobxonlikni tarğib qiliş, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni taşkil etiş orqali jamiyatning intellektual rivojiga hissa qöşişlari hamda zamonaviy kutubxonaçi nafaqat kitob beruvçi, balki axborot yölboşçisi, maʼrifat tarğibotçisi va yoşlar bilan işlovçi faol mutaxassis ekanligi taʼkidlab ötildi.

Şuningdek, Toşkent gumanitar fanlar universiteti Törtköl kampusida talaba-yoşlar örtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantiriş, badiiy adabiyotga bölgan qiziqişni yanada oşiriş hamda mutolaa tarğibotini kuçaytiriş maqsadida Özbekiston va Qoraqalpoğiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi Munavvara Yusupovanıng yangi kitoblari taqdimoti taşkil etildi. Tadbirda adabiyot va maʼnaviyat sohasining taniqli vakillari, ijodkorlar hamda jamoat arboblari iştirok etdilar.

Haftalik doirasida tuman Axborot-kutubxona markazi mutaxassis xodimlari 22-son umumtaʼlim maktabi öquvçilari iştirokida “Muhabbat osmonida gözal Çölpon edim döstlar” mavzusida adibning hayoti va ijodiga bağişlangan davra suhbati ötkazdilar. Tadbir davomida Çölponning maʼrifatparvarlik harakatiga qöşgan hissasi, Vatan muhabbati, xalq ozodligi, inson qadri, maʼrifat va milliy ğurur ğoyalarini ifoda etuvçi asarlari töğrisida maʼlumot berilib, öquvçilar tomonidan adib qalamiga mansub şeʼrlardan parçalar tinglandi.

— Jadidçilik-xalqni ilm-maʼrifatga, taraqqiyotga, erkin fikrlaşga çorlagan muhim tarixiy harakatdir. Jadid bobolarimiz millat kelajagini taʼlimda,kitobda, bilim va maʼrifatda körganlar,ular maktablar oçib, gazeta-jurnallar naşr etgan, teatr va adabiyot orqali xalqni bilim olişga, öz haq-huquqini anglaşga çaqirganlar, — deydi tuman axborot kutubxona markazi mutaxassisi, Özbekiston va Qoraqalpoğiston yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi, “Onajonim şeʼriyat” tögaragi rahbari Munavvara Yusupova.

Haftalik davomida barça axborot-kutubxona markazlarida “Oçiq eşiklar kuni”, ekskursiyalar, kitob körgazmalari, yangi kitoblar taqdimotlari, axborot-kutubxona faoliyati böyiça seminarlar, mahorat darslari va öquv maşğulotlari ötkazildi.

Dovud Abibullayev,

ÖzA muxbiri

O‘xshash yangiliklar