Özbekistonda şörlangan yerlarni tiklaş böyiça yangi tajriba boşlanadi

Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning Iordaniya Hoşimiylar Podşohligiga davlat taşrifi doirasida qişloq xöjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Iordaniyaning “Manaseer Group” kompaniyasi rahbari Ziyod Manasir hamda kompaniya hammuassisi va strategik direktori Viktor Sukau bilan uçraşdi.
Qişloq xöjaligi vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilişiça, muloqotda Özbekistondagi şörlangan qişloq xöjaligi yerlarini tiklaş, tuproq unumdorligini oşiriş va suv resurslaridan samarali foydalanişga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni joriy etiş masalalari muhokama qilindi.
Kelişuvga muvofiq, hamkorlikning dastlabki bosqiçida kompaniyaning maxsus preparatlari Toşkent, Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi şörlangan maydonlarda sinovdan ötkaziladi. Tajriba işlari buğdoy, ğöza va kartoşka ekinlari misolida olib boriladi.
Sinov jarayonlari 2027-yilning mart–noyabr oylarida fermer xöjaliklari dalalarida taşkil etilib, ularga ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari hamda kompaniyaning texnik mutaxassislari jalb qilinadi.
Hamkorlikning keyingi bosqiçida Qoraqalpoğiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi 1 ming gektar maydonni qamrab oluvçi pilot loyihani amalga oşiriş taklif etildi. Loyiha doirasida şörlangan yerlarni tiklaş, ekinlarni şör yuviş va bostirib suğoriş usullarisiz yetiştiriş texnologiyalari sinab köriladi. Şuningdek, kartoşka, buğdoy va yaylov ekinlari hosildorligini oşirişga alohida eʼtibor qaratiladi.
Uşbu taşabbus yerlarning şörlaniş darajasini pasaytiriş, ularning unumdorlik salohiyatini tiklaş va suv tejovçi texnologiyalar orqali agrar soha samaradorligini oşirişga xizmat qiladi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
ÖzA



