«Miss Universe — 2026» g‘olibasi aniqlandi: ilk bor ona tojni qo‘lga kiritdi (video)

Jennifer Barreto 27 yoshda. U psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, shuningdek, psixologiya va ijtimoiy ish yo‘nalishlarida magistrlik darajalariga ega. Uning ta’limi travma bilan ishlash, bolalarni himoya qilish, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va jamoalar xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.
Barreto 2021 yildan AQSH armiyasi tizimida faoliyat yuritgan. U Texasdagi Fort-Kavasos harbiy bazasida Family Advocacy Program dasturi doirasida oilaviy zo‘ravonlik va bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatdan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, harbiy oilalar bilan ishlash, inqirozli vaziyatlarning oldini olish va mutaxassislarni tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Yangi «Miss Universe»ning g‘alabasi yana bir jihati bilan e’tiborga molik. Jennifer Barreto turmush qurgan va farzandli. U «Miss Universe» tarixida ona bo‘lgan ilk g‘oliba sifatida qayd etildi. Tanlov qoidalaridagi o‘zgarishlar turmush qurgan va farzandli ayollarga ham ishtirok etish imkonini bergan.
Ma’lumot uchun, Puerto-Riko «Miss Universe» tarixida oltinchi bor g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Avvalroq mamlakat vakilalari 1970, 1985, 1993, 2001 va 2006 yillarda ushbu nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lgan.



