Samarqand viloyatida yosh yigit tanish qizini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumonlanmoqda

Samarqand shahrida yosh yigit tanish qizining o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u ijaraga olingan xonadonda yuzaga kelgan janjal vaqtida qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan bo‘lishi mumkin. Voqeadan keyin gumonlanuvchi o‘ziga ham tan jarohatlari yetkazgan.
Ma’lum qilinishicha, fojiali hodisa 18 noyabr kuni shaharning Qorasuv massivida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lgan qiz uch xonali xonadonni dugonasi bilan ijaraga olgan. O‘sha kuni uyda boshqa yashovchilar bo‘lmagan vaqtda uning oldiga tanishi kelgan.
Taxminlarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik janjalga aylanib, yigit qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Mahalla raisining aytishicha, ikki qiz xonadonga 15 noyabr kuni kechqurun ko‘chib kelgan. Ertasi kuni mahalla vakillari ular bilan suhbatlashib, ijara shartnomasini rasmiylashtirish zarurligini tushuntirgan hamda yashash qoidalari bilan tanishtirgan.
Hodisadan so‘ng gumonlanuvchi o‘ziga tan jarohatlari yetkazgan. Ichki ishlar organlari xodimlari uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga olib borgan. Shifokorlar dastlab uning ahvolini o‘rtacha og‘ir deb baholagan. Biroq tekshiruvlarda jiddiy jarohatlar aniqlanmagan. Tibbiy kuzatuvdan so‘ng u qoniqarli ahvolda shifoxonadan chiqarilgan.
Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot xizmati rahbarining yozma izohiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi, ya’ni qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Ayni paytda hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.



