27.11.2026, Juma+8.6°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+8.6°CToshkent$11 987.89 27.11.2026

Kongress Trampni Eron bilan urushni tugatishga majbur qila oladimi?

Jahon 26.11.2026 21:00 1Anhor
Kongress Trampni Eron bilan urushni tugatishga majbur qila oladimi?

AQSH Kongressining har ikki palatasida yanvar oyidan nazoratni qo‘lga oladigan demokratlar Eron bilan urushni moliyalashtirishni cheklash orqali prezident Donald Trampga bosim o‘tkazmoqchi. Biroq bu tashabbus federal hukumat faoliyatining to‘xtashiga ham olib kelishi mumkin.

Al Jazeera nashrining yozishicha, demokratlarning oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlari oshishiga sabab bo‘lgan to‘qqiz oylik urushni tugatish bo‘yicha avvalgi urinishlari natija bermagan.

Hormuz bo‘g‘ozidagi ziddiyat hal etilmagani sababli demokratlar Tramp Eronga qarshi zarbalarni qayta boshlashi va bu Fors ko‘rfazi bo‘ylab javob hujumlariga olib kelishidan xavotirda.

Demokratlar urushni qanday to‘xtatmoqchi?

AQSH federal hukumatini moliyalashtirishning amaldagi muddati 11-dekabr kuni yakunlanadi. Respublikachilar va demokratlar yangi budjet paketi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Kongress a’zolari Yasamin Ansoriy va Ro Xanna demokratlarni ushbu muddatdan Oq uyga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishga chaqirgan. Ular Eronga qarshi hujumkor harbiy operatsiyalarni moliyalashtirishni aniq taqiqlamaydigan har qanday budjet paketiga qarshi chiqishini bildirdi.

Reuters/Ipsos so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning 71 foizi yangi Kongress Eron bilan urushni tugatishini istamoqda.

London Qirollik kolleji dotsenti Andreas Krigning fikricha, mazkur qonun loyihasi Trampning Eronga qarshi urush olib borish imkoniyatlarini cheklovchi birinchi jiddiy institutsional mexanizm bo‘lishi mumkin.

Tramp qanday imkoniyatlarga ega?

AQSH prezidenti Kongress tomonidan qabul qilingan qonun loyihasiga veto qo‘yish huquqiga ega. Vetoni bekor qilish uchun Kongressning har ikki palatasida uchdan ikki qism ovoz talab etiladi. Demokratlar esa respublikachilarning sezilarli ko‘magisiz bunday natijaga erisha olmaydi.

Biroq Tramp budjet loyihasiga veto qo‘ysa, federal hukumat faoliyati to‘xtashi va harbiy xizmatchilarga ish haqi to‘lash ham izdan chiqishi mumkin.

2025-yilda AQSH federal hukumati budjet bo‘yicha kelishmovchiliklar sababli 43 kun davomida faoliyatini to‘xtatgan edi.

Yana bir ehtimoliy ssenariy — mudofaa maqsadlari uchun moliyalashtirishning saqlab qolinishi. Bu harbiy operatsiyalar va Eron portlarining dengiz blokadasi davom etishiga imkon berishi mumkin.

Moliyalashtirish to‘xtatilsa, urush tugaydimi?

Andreas Krigning ta’kidlashicha, yangi mablag‘lar ajratilmasa ham, Tramp mavjud resurslar hisobidan harbiy operatsiyalarni ma’lum muddat davom ettirishi mumkin.

AQSHning Eron bilan urushga sarflagan mablag‘lari 50 milliard dollarga yaqinlashmoqda.

Ekspertning fikricha, asosiy masala Kongress qo‘shimcha mablag‘ ajratishni rad etishi yoki avval ajratilgan mablag‘lardan hujumkor harbiy operatsiyalar uchun foydalanishni ham taqiqlashiga bog‘liq.

Shuningdek, yadroviy tekshiruvlar, sanksiyalar va Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha AQSH hamda Eron o‘rtasidagi kelishmovchiliklar hamon hal etilmagan.

Kongress ilgari ham urushlarni to‘xtatishga uringan

AQSH tarixida Kongress harbiy operatsiyalarni moliyalashtirishni cheklash orqali urushlarni tugatishga uringan holatlar mavjud. Jumladan, 1973-yilda Vyetnam urushiga chek qo‘yishda Kongress muhim rol o‘ynagan.

2007-yilda esa demokratlar Iroqdan qo‘shinlarni olib chiqish muddatini harbiy moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kiritishga uringan. Biroq o‘sha paytdagi prezident Jorj Bush qonun loyihasiga veto qo‘ygach, demokratlar ushbu talabdan voz kechgan.

Krigning fikricha, hozirda demokratlarning eng kuchli vositasi urushni moliyalashtirishni cheklash imkoniyatidir. Biroq Trampning veto huquqi saqlanib qolayotgani sababli Kongressdagi demokratlar ko‘pchiligi yangi cheklovlarning qonuniy kuchga kirishini kafolatlamaydi.

Ekspert Kongress aralashuvining eng muhim natijasi mojaroni muzokaralar orqali hal etish jarayonining tezlashishi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Tramp Mirziyoyevga o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdiTramp Mirziyoyevga o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi

O‘xshash yangiliklar