Janubiy Koreyaning umrbodga qamalgan sobiq prezidenti yolg‘on guvohlik berish ayblovi bo‘yicha oqlandi | Daryo

Janubiy Koreya Oliy sudi mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga nisbatan yolg‘on guvohlik berish bo‘yicha chiqarilgan oqlov hukmini o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
Yun Sok Yol 2025-yil noyabr oyida sobiq bosh vazir Han Dok Su ustidan o‘tkazilgan sudda guvohlik bergan. O‘shanda sobiq prezident mamlakatda harbiy holat e’lon qilishdan avval vazirlarni yig‘moqchi bo‘lganini, bu fikr bosh vazirning taklifidan oldin paydo bo‘lganini aytgan. Prokuratura esa uning ko‘rsatmalarini yolg‘on deb hisoblagan.
Prokuratura da’vosiga ko‘ra, Yun dastlab hukumatning olti nafar a’zosini chaqirgan, ammo rasmiy yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirmagan. U faqatgina bosh vazir Han Dok Suning taklifidan so‘ng harbiy holatni qonuniy ravishda e’lon qilish uchun zarur miqdorda vazirlarni yig‘gan.
Sentyabr oyida apellyatsiya sudi sobiq prezidentga nisbatan chiqarilgan oqlov hukmini o‘z kuchida qoldirgandi. Sudning fikricha, hukumat yig‘ilishining noodatiy tarzda o‘tkazilgani Yunning yolg‘on guvohlik berganini isbotlamaydi.
Oliy sud ham bu qarorni o‘zgartirish uchun asos topmadi. Sudyalar sobiq prezidentni aybdor deb topish uchun yetarli dalillar yo‘qligini ta’kidladi.



