24.11.2026, Seshanba+12.2°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+12.2°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

Metallurgiya: 263 trln so‘mlik tarmoq iqtisodiyotda qanday o‘rin tutadi?

Iqtisod 24.11.2026 17:23 0Anhor
Metallurgiya: 263 trln so‘mlik tarmoq iqtisodiyotda qanday o‘rin tutadi?

Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda metallurgiya sanoati mahsulotlari hajmi 263,2 trln so‘mga yetdi. Fizik ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,1 foizga oshgan. Shu bilan birga, tarmoq ishlab chiqarishining qariyb 91 foizi faqat Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Keltirilgan raqamlar metallurgiya O‘zbekiston sanoatining eng yirik yo‘nalishlaridan biri ekanini ko‘rsatadi. Ammo tarmoqning iqtisodiyotga qo‘shgan haqiqiy hissasini tushunish uchun uning umumiy hajmi, sof qiymati va real o‘sishini bir-biridan ajratib baholash muhim.

Sanoatdagi o‘rni

2026-yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonda jami 1 085,7 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Metallurgiyaning 263,2 trln so‘mlik hajmi sanoat ishlab chiqarishining taxminan 24,2 foiziga teng. Demak, mamlakatda ishlab chiqarilgan har 4 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotining qariyb 1 mlrd so‘mi metallurgiyaga to‘g‘ri keladi.

Biroq bu hisob-kitob joriy narxlardagi umumiy hajmga asoslangan bo‘lib, u sohaning YaIMdagi haqiqiy ulushini ko‘rsatmaydi. Yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston YaIMi joriy narxlarda 1 755,5 trln so‘mni tashkil etgan. Metallurgiyaning 263,2 trln so‘mlik yalpi ishlab chiqarishi bu raqamning qariyb 15 foiziga teng. Lekin YaIM mahsulotning to‘liq narxini emas, faqat jarayonda qo‘shilgan qiymatni oladi. Shuning uchun “metallurgiya YaIMning 15 foizini tashkil etadi” deyish hisob-kitob jihatidan noto‘g‘ri. 

Taqqoslash uchun: 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida butun sanoat yaratgan qo‘shilgan qiymat 450,4 trln so‘mga yetdi — bu mamlakat YaIMining qariyb 25,7 foizi demakdir. Metallurgiyaning o‘zi qancha qo‘shilgan qiymat yaratganini esa yuqoridagi 263,2 trln so‘mlik umumiy ishlab chiqarish raqamiga qarab aytib bo‘lmaydi. 

Metallurgiyaning “drayverlari”

Tarmoq hududlar bo‘yicha nihoyatda yuqori darajada konsentratsiyalashgan. Navoiy viloyatida 172,9 trln so‘mlik metallurgiya mahsuloti ishlab chiqarilgan — bu respublika hajmining taxminan 65,7 foizi demakdir. Toshkent viloyatining hissasi 66,4 trln so‘m yoki 25,2 foizni tashkil etgan. Ikki hududning o‘zi jami metallurgiya ishlab chiqarishining 90,9 foizini bermoqda.

Toshkent shahri hissasi 5,3 foiz, Samarqand viloyatiniki 2,3 foiz atrofida. Qolgan 10 hududning umumiy ulushi esa atigi 1,5 foizga yaqin. Bundan ko‘rinadiki, metallurgiya hamma hududda ham birdek emas — ishlab chiqarish asosan Navoiy va Toshkent viloyatidagi katta korxonalarga bog‘langan. 

Yo‘nalishning o‘sish surati

Joriy yilning dastlabki 9 oyi yakunida O‘zbekiston sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi 8,1 foizga oshgan. Metallurgiyada esa fizik hajm indeksi 106,1 foizni, ya’ni o‘sish 6,1 foizni tashkil qilgan. Shunday qilib, metallurgiyaning o‘sish sur’ati umumiy sanoat ko‘rsatkichidan 2 foiz punktga past bo‘lgan.

Shu davrda YaIM real hisobda 8,3 foizga o‘sgan — metallurgiyadagi o‘sish esa pastroq. Lekin bundan “tarmoq iqtisodiy o‘sishga katta hissa qo‘shmayapti” degan xulosa chiqarish noto‘g‘ri: metallurgiyaning sanoatdagi ulushi juda katta, uning YaIM o‘sishidagi aniq o‘rnini bilish uchun esa tarmoqning qo‘shilgan qiymati bo‘yicha alohida raqam kerak. 

Yil boshidagi o‘zgarishlar ham e’tiborga molik: yanvar–mart oylarida metallurgiya ishlab chiqarishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 foizga kamaygan (indeks — 97,8 foiz). Keyin esa vaziyat o‘nglanib, ko‘rsatkich iyulda 106,9, avgustda 107,8 va sentyabr oxirida 106,1 foizga natija ko’rsatgan. Xulosa shuki, yil boshidagi pasayish keyingi oylarda to‘liq qoplangan. 

Eksport 

2025-yil yakunida O‘zbekiston eksportida nomonetar oltin ulushi 29 foizni, “sanoat mahsulotlari” tasnifi esa 11,8 foizni tashkil etgan. Oltin eksportining katta hajmi valyuta tushumlari uchun metallurgiya va tog‘-kon sohasining muhimligini bildiradi.

Statistikada metallurgiya yagona tarmoq sifatida ko‘rsatilsa-da, u ikki xil yo‘nalishdan iborat: rangli metallurgiya (oltin, mis — NKMK, OKMK) asosan eksportga va valyuta tushumiga ishlaydi, qora metallurgiya (temir, po‘lat — “O‘zmetkombinat”) esa ichki qurilish va sanoat ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan. Shu sababli hukumat aynan qora metallurgiyada import o‘rnini bosish va energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Davlat qayta ishlash va samaradorlikni oshirmoqchi

2026-yilning 13-iyulidagi qora metallurgiyani rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda hukumat tarmoqning xomashyo bazasi, energiya sarfi, importga qaramlik va texnologik samaradorligi bilan bog‘liq muammolarni qayd etdi.

Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilgacha metall mahsulotlariga yillik talab 1,5 barobar ortib, 8 mln tonnadan oshadi. Prezident administratsiyasi ma’lumotiga ko’ra, metall qurilish, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi umumiy hajmi 50 mlrd dollarlik sohalar uchun eng zarur xomashyolardan biridir.

Zavodlarda sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni joriy etish orqali uskunalar unumdorligini 20 foizga oshirish, tannarxni 10 foiz, energiya sarfini 15 foiz, texnik xizmat xarajatlari hamda texnologik to‘xtalishlarni 20 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur tayyorlanadi.

Shuningdek, Bekobod metallurgiya kombinati yonidagi 90 gektar maydonda “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki”ni qurish, qora metallar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot (R&D) markazi va xalqaro sertifikatlash laboratoriyasini ochish ham rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, metallurgiya O‘zbekiston sanoatidagi eng yirik sohalardan biri: 2026-yilning 9 oyida ishlab chiqarish hajmi 263,2 trln so‘mga yetgan va jami sanoat mahsulotlarining salkam 24,2 foizini tashkil etadi. Biroq bu ishlab chiqarishning 90,9 foizi Navoiy va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Mahsulot hajmi real hisobda 6,1 foiz o‘sgan bo‘lsa-da, bu butun sanoatdagi 8,1 foizlik o‘sishdan sekinroq. 

Shu sababli soha oldidagi asosiy vazifa shunchaki ko‘proq mahsulot chiqarish emas. Xomashyo ta’minotini mustahkamlash, metallni chuqur qayta ishlashni kengaytirish, energiya va tannarxni tushirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish — metallurgiyaning iqtisodiyotga haqiqiy samara berishini belgilaydigan eng muhim omillardir.

O‘xshash yangiliklar