O‘zbekiston Iordaniyada 1,5 mlrd dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqchi

TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekiston Iordaniyada umumiy qiymati 1,5 milliard dollarga teng 40 taga yaqin investitsiya loyihasini amalga oshirish niyatida. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan muzokaralarda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Iordaniya podshohi saroyi matbuot xizmati.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Iordaniya podshohining o‘tgan yili O‘zbekistonga tashrifidan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 80 foizga oshgan. Qo‘shma ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgan, haftasiga ikki marta amalga oshiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralarda savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Imtiyozli savdo bitimini imzolash va kelgusida o‘zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy sohada tajriba almashish, sayyohlik aloqalarini kengaytirish va qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qilishdi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash uchun keng qamrovli "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida Iordaniya podshohi Shavkat Mirziyoyevni "Al-Husayn ibn Ali" ordeni bilan taqdirladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti Abdulla II ga "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini topshirdi.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev Iordaniya podshohini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.




