Toshkentda 1,05 mln dollar talab qilganlikda gumonlangan soliq xodimi ushlandi

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati soliq boshqarmasining 38 yoshli xodimini qo‘lga oldi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Soliq xodimi Nurafshon shahridagi 3,5 gektar yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan sexni yuridik shaxsdan xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Shuningdek, u mazkur hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 34 ta davlat idorasidan ruxsatnomalar olib berish evaziga jami 1 mln 50 ming dollar talab qilgani aytilmoqda.
Soliq xodimi Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida xaridor bilan uchrashib, so‘ralgan pulning 40 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkentda xorijliklar tashkil etgan ikkita noqonuniy call-markaz fosh etildi


