Aleksandr Makedonskiy harbiy yurishlari uchun mablag‘ni qayerdan olgan? | Daryo

Aleksandr Makedonskiyning istilolarida nafaqat uning sarkardalik mahorati, balki otasi yaratgan imkoniyatlar ham muhim rol o‘ynagan. Filipp II nisbatan qisqa vaqt ichida kichik qirollikni boy va nufuzli davlatga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Miloddan avvalgi 359-yilda Filipp II taxtga kelganida Makedoniya ichki nizolar tufayli zaiflashib, raqiblar qurshovida qolgan edi. Qirollikka illiriyaliklar, peonlar, frakiyaliklar, Afina va Xalkid ittifoqi tahdid solardi.
Makedoniyaning resurslari cheklangan, o‘z kumush konlari esa yo‘q edi. Oltin, kumush, mis va temir konlari asosan qirollik chegaralaridan tashqarida joylashgan bo‘lib, ulardan qo‘shni xalqlar va yunon koloniyalari foydalangan. Biroq Filipp II 23 yillik hukmronligi davomida Makedoniyaning mavqeyini o‘zgartirdi, hududini kengaytirdi va Fors davlatiga qarshi harbiy yurishga zamin yaratdi.
Olimlar qadimgi konlarni o‘rgandi
G‘arbiy Avstraliya universiteti hamda Gretsiyaning Fessaliya, Saloniki Aristotel va Afina Kapodistriya nomidagi milliy universitetlari arxeologlari, tarixchilari va geologlari Filipp II ning harbiy yurishlarini tahlil qilib, Makedoniya oltin va kumush konlarini qanday qo‘lga kiritganini o‘rgandi. Tadqiqot natijalari Archaeological and Anthropological Sciences jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar geologiya va qadimgi konchilikka oid ma’lumotlarni Filipp II ning harbiy yurishlari hamda uning davlati chegaralari qanday o‘zgargani haqidagi tarixiy ma’lumotlar bilan solishtirdi. Tadqiqot davomida hozirgi Gretsiya shimoli, Shimoliy Makedoniya, Bolgariya, Serbiya, Kosovo va Albaniya hududlaridagi 70 dan ortiq kon va konchilik hududi o‘rganildi.
Tadqiqotchilar konlarga shaxsan borib, qadimgi qazish ishlari, ruda qazib olish va uni qayta ishlash izlarini o‘rgandi. Tadqiqotga sochma va tub oltin konlari ham kiritildi.

Foto: Archaeological and Anthropological Sciences
Qadimgi Gretsiyaning shimoliy qismi va unga tutash Bolqon hududlaridagi qimmatbaho va boshqa metall konlari, jumladan, sochma oltin konlari xaritasi. Unda Filipp II meros qilib olgan qirollik chegaralari hamda miloddan avvalgi 360–359-yillarda konlarning qanday taqsimlangani aks etgan. Taxminlarga ko‘ra, miloddan avvalgi IV asrga kelib deyarli barcha konlardan foydalanilgan.
Geologik va arxeologik ma’lumotlar ushbu konlarning aksariyatidan Filipp II hukmronligidan ancha oldin foydalanilganini ko‘rsatdi. Mintaqada metall qazib olish miloddan avvalgi V ming yillikda boshlangan va miloddan avvalgi VI asr oxiriga kelib keng tarqalgan.
So‘ng olimlar konlarning joylashuvini Makedoniya hukmdorining istilolari ketma-ketligi bilan solishtirdi. Xaritalarda nafaqat qirollik tarkibiga qo‘shilgan, balki Makedoniyaga qaram bo‘lib qolgan hududlar ham aks ettirildi.
Filipp II hukmronligi davriga oid tarixiy ma’lumotlar to‘liq emas. Bundan tashqari, uning ayrim hududlar ustidan nazorati turlicha bo‘lgan. Shu sababli olimlar o‘sha davrdagi chegaralarni faqat taxminan aniqlay olgan.
Harbiy yurishlar Makedoniyaga yangi konlarni olib keldi
Qirollik hududini kengaytirishning dastlabki bosqichida Filipp II ning asosiy maqsadi xavfsizlikni ta’minlash edi. U illiriyaliklarni mag‘lub etdi, peonlarni bo‘ysundirdi hamda shimoliy va g‘arbiy chegaralarni mustahkamladi. Bu harbiy yurishlar Makedoniyaga yangi resurslardan foydalanish imkonini ham berdi.
Miloddan avvalgi 357-yilda hukmdor Strimon daryosi bo‘yida joylashgan qadimgi yunon shahri Amfipolni egalladi. Natijada u yaqin atrofdagi Pangeon tog‘ining oltin va kumush konlaridan daromad ola boshladi. Bir yil o‘tib, Filipp II Frakiyadagi Krenida shahrini egallab, uning nomini Filippi deb o‘zgartirdi va konlarga boy Palea-Kavala hududini o‘z nazoratiga oldi.
Miloddan avvalgi 348-yilda Xalkid ittifoqi ustidan qozonilgan g‘alaba Makedoniya uchun ayniqsa muhim bo‘ldi. Bu vaqtga kelib qirollik qimmatbaho metallar qazib olinadigan uchta yirik hududni — Pangeon, Palea-Kavala va Xalkidiki yarimorolining shimoli-sharqiy qismini nazorat qilardi. Xalkidikida ilgari Xalkid ittifoqiga tegishli bo‘lgan oltin va kumush konlari joylashgan edi.
Tadqiqot mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu davrga kelib Filipp II nazoratidagi hudud u taxtga o‘tirgan paytdagiga nisbatan qariyb besh baravar kengaygan.
Makedoniya o‘z oltin tangalarini zarb qila boshladi
Konlar ustidan nazorat o‘rnatilishi hukmdorga o‘z oltin va kumush tangalarini zarb qilish imkonini berdi. Xalkid ittifoqini mag‘lub etganidan ko‘p o‘tmay, Filipp II oltin va kumushga asoslangan pul tizimini joriy etdi. Og‘irligi qariyb 14 gramm bo‘lgan kumush tetradraxmalar va 8,6 grammli oltin staterlar muomalaga kiritildi. Staterlar Makedoniyaning ilk oltin tangalariga aylandi.
Yangi pul birligi qirollikning Egey mintaqasi shimolidagi iqtisodiy ta’sirini kuchaytirdi. Vaqt o‘tishi bilan Filipp II ning oltin tangalari fors dariklarini mahalliy muomaladan siqib chiqardi.
Keyinchalik hukmdor o‘z hududlarini kengaytirishda davom etdi. Miloddan avvalgi 342-yilga kelib Illiriya va Yuqori Peoniyaning oltin, kumush va boshqa metall konlariga boy yangi hududlari uning nazoratiga o‘tdi. Shundan so‘ng Filipp II tabiiy resurslarga boy Frakiyani ham bo‘ysundirdi. Bu yerda sochma va tub oltin konlari, shuningdek, kumush va mis zaxiralari bor edi.
Konlardan olingan daromad armiyani kuchaytirdi
Miloddan avvalgi 336-yilda, Filipp II o‘ldirilgan paytda mintaqadagi ma’lum oltin va kumush konlarining katta qismi uning nazorati ostida edi. Olimlar Makedoniyaning moliyaviy imkoniyatlari kengayishini aynan shu konlarning egallanishi bilan bog‘ladi.
Oltin va kumush qazib olishdan tushgan daromad katta armiyani ushlab turish, harbiy islohotlarni amalga oshirish va diplomatik faoliyatni moliyalashtirish imkonini bergan.
Aleksandrning otasi urushda qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, o‘lpon va qul savdosidan ham daromad olgan. Biroq tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, aynan konlar ustidan nazorat uning harbiy yurishlari ko‘lami va tezligini belgilagan asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, asta-sekin zanjir tizim shakllangan: yangi hududlarning egallanishi konlardan foydalanish imkonini bergan, ulardan tushgan daromad armiyani kuchaytirgan, harbiy qudrat esa yana yangi hududlarni egallashga yo‘l ochgan.
Biroq Filipp II boshidanoq tabiiy boyliklarni qo‘lga kiritish maqsadida qo‘shni hududlarni egallagan, deyish to‘g‘ri emas. Dastlab uning asosiy vazifasi qirollikni tashqi tahdidlardan himoya qilish edi. Hokimiyati mustahkamlangani sari Filipp II konlardan olinadigan daromadga ko‘proq e’tibor bera boshlagan bo‘lishi mumkin.
Aleksandr otasidan qudratli davlatni meros qilib oldi
Umrining oxirgi yillarida Filipp II Fors davlatiga qarshi harbiy yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagandi. Miloddan avvalgi 336-yilda qariyb 10 ming kishilik Makedoniya qo‘shini Kichik Osiyoga yo‘l oldi.
Aleksandr Makedonskiy otasidan nafaqat harbiy yurish rejasini, balki mustahkam davlat, jangovar armiya va keyingi istilolarni moliyalashtirishga qodir iqtisodiy tizimni ham meros qilib oldi.
Filipp II boylik orttirish uchun konlardan foydalanishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, Aleksandr keyinchalik Fors imperiyasida to‘plangan xazinalarni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ldi. Aynan shu boyliklar Aleksandrga butun Fors imperiyasini egallash uchun olib borgan harbiy yurishlarini moliyalashtirishda yordam bergan.



