AQSH O‘rmon xizmati qor odamiga oid arxiv hujjatlarini e’lon qildi | Daryo

AQSH O‘rmon xizmati qor odami (bigfut) bilan uchrashganlik haqidagi xabarlar aks etgan uchta arxiv hujjatini ommaga taqdim etdi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Hujjatlardan biri 1982-yilda Umatilla milliy o‘rmonida qo‘riqchi topgan izlar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvga bag‘ishlangan. Yovvoyi tabiat bo‘yicha mutaxassis va AQSH Chegara xizmatining izquvari o‘sha joyni tekshirib, izlar qor odamga tegishli emas, degan xulosaga kelgan.
Boshqa hujjatlarda mahalliy aholi tanasi jun bilan qoplangan, yoqimsiz hid taratadigan noma’lum mavjudotlarga duch kelgani haqidagi hikoyalari keltirilgan. Ayrim guvohliklar 1940-yillarga borib taqaladi.
AQSH O‘rmon xizmati xodimlari “Tomorqangizdagi bigfut” nomli forumda ham qatnashgan. Ulardan biri Keti Markes odamlarning qor odami bilan uchrashgani haqidagi hikoyalarini aytib bergan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu mavjudotlar turli kattalikda bo‘lib, baqirgan, uvillagan, biror narsani taqillatgan va hushtak chalgan.
Xizmatning boshqa xodimi Keti Streyn esa Uoshito tog‘larida o‘zi ham odamga o‘xshash ikkita mavjudotni ko‘rganini aytgan.Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Syerra Nevada tog‘larining g‘arbiy qismida bigfut kuzatilgani haqida 65 ta xabar qayd etilgan.
Avvalroq AQSH Mudofaa vazirligi noma’lum uchar jismlarga oid maxfiy hujjatlarning sakkizinchi to‘plamini e’lon qilgandi. Undan guvohlarning ko‘rsatmalari, chizmalar va videoyozuvlar, jumladan, 1950-yillarda kuzatilgan sirli obyektlar haqidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan.



