Dunyoda eng ko‘p oltin-valyuta zaxirasiga ega davlatlar reytingi e’lon qilindi | Daryo

Dunyoda eng ko‘p oltin va valyuta zaxirasiga ega davlatlar reytingi e’lon qilindi. Reyting Jahon oltin kengashining (World Gold Council) 2026-yil sentyabr oyidagi ma’lumotlariga asoslanib tuzilgan.
Oltin-valyuta zaxiralari davlatlarga iqtisodiy qiyinchiliklar paytida moliyaviy barqarorlikni saqlashga yordam beradi. Bu mablag‘lardan milliy valyuta kursini barqarorlashtirish, tashqi qarzlarni to‘lash va chetdan zarur mahsulotlarni sotib olishda foydalanish mumkin. Davlatlarning zaxiralarni saqlash borasidagi yondashuvi turlicha. Ayrim mamlakatlar oltinni afzal ko‘rsa, boshqalari zaxiralarining katta qismini xorijiy valyutada saqlaydi.
Reytingda Xitoy birinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatning valyuta zaxiralari 3,47 trillion dollarni, oltin zaxiralari esa 323,5 milliard dollarni tashkil etdi. Jami zaxiralarning atigi 8,5 foizi oltinga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 5,4 foiz bo‘lgan.
Ikkinchi o‘rinda AQSH joylashdi. Mamlakat oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Uning oltin zaxiralari qiymati 1,09 trillion dollarni, valyuta zaxiralari esa 242,8 milliard dollarni tashkil etadi. Jami zaxiralarning 81,8 foizi oltindan iborat.
Uchinchi o‘rinni Yaponiya egalladi. Mamlakatning valyuta zaxiralari 1,07 trillion dollar, oltin zaxiralari esa 113,6 milliard dollarga teng. Yaponiya ham zaxiralarining katta qismini xorijiy valyutada saqlaydi.
To‘rtinchi o‘rinda esa Hindiston. Uning valyuta zaxiralari 638,9 milliard dollarni, oltin zaxiralari esa 118,2 milliard dollarni tashkil etdi.
Kuchli beshlikni Rossiya yakunladi. Mamlakatning valyuta zaxiralari 430,2 milliard dollar, oltin zaxiralari esa 304 milliard dollarga teng. Jami zaxiralarning 41,4 foizi oltinga to‘g‘ri keladi. Oltinchi o‘rinni egallagan Germaniya esa AQSH kabi zaxiralarining katta qismini oltinda saqlaydi. Mamlakatda bu ko‘rsatkich 81,4 foizni tashkil etadi.
Reytingda har bir davlat zaxirasining qancha qismi oltindan, qancha qismi xorijiy valyutadan iborat ekani ham ko‘rsatilgan. Barcha qiymatlar AQSH dollarida hisoblangan.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil sentyabr oxirida mamlakatning jami xalqaro zaxiralari 66,58 milliard dollarni tashkil qilgan. Uning 60,08 milliard dollari oltinga, 5,92 milliard dollari esa xorijiy valyutaga to‘g‘ri kelgan. Qolgan qismini boshqa zaxira aktivlari tashkil etgan.
Markaziy Osiyo davlatlarining oltin zaxiralari
Jahon oltin kengashi ma’lumotlarida aytilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston eng katta oltin zaxirasiga ega. 2026-yil sentyabr holatida mamlakatning oltin zaxirasi 446,2 tonnani tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Qozog‘iston joylashgan — 381,9 tonna. Qirg‘izistonda esa bu ko‘rsatkich 47,7 tonnaga teng.
Tojikiston bo‘yicha so‘nggi mavjud ma’lumotlar 2023-yil fevraliga tegishli. O‘sha paytda mamlakatning oltin zaxirasi 7,4 tonnani tashkil etgan. Turkmaniston haqida ma’lumot keltirilmagan.



