Bolalar eksporti: Qirg‘iziston nega xorijliklarga surrogat onalikni taqiqlamoqchi? | Daryo

Qonun qanday o‘zgaradi?
2026-yilning avgust oyida deputat Bolot Ibragimov “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. U qonun loyihasiga ilova qilingan hujjatda respublika xorijliklar uchun “surrogat onalik markazi”ga aylanib borayotganini qayd etdi. Deputat o‘z loyihasida “Qirg‘iziston hududida surrogat onalik shartnomalari faqat Qirg‘iziston fuqarolari uchun amal qiladi” degan qoidani belgiladi.
O‘sha oyning o‘zida biroz keyinroq jamoatchilik muhokamasi uchun yana bir shunday hujjat e’lon qilindi — bu safar spiker Marlen Mamataliyev tashabbusi bilan. U “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun, Oila kodeksi va Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni taklif etdi.
Spiker o‘z qonun loyihasida amaldagi qonunchilik xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga surrogat onalik xizmatlaridan bemalol foydalanish imkonini berayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u “boladan boshqa jinoiy maqsadlarda, jumladan, jinsiy ekspluatatsiya, noqonuniy farzandlikka olish, majburiy mehnat hamda tana a’zolari va to‘qimalaridan foydalanish ehtimoli alohida ijtimoiy xavf tug‘diradi”, degan fikrni bildirdi.



