Polsha NATOdan Ukraina osmonidagi Rossiya raketalarini urib tushirishni so‘radi | Daryo

O‘tgan hafta Polsha hududiga uchta Rossiya raketa va droni quladi. Shundan so‘ng, Varshava NATOdan alyans hududi tomon uchayotgan Rossiya raketalarini Ukraina osmonidayoq urib tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Masaladan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, Varshava bu g‘oyani 23-noyabr kuni Bryusselda Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo davlatlar elchilari yig‘ilishida muhokamaga qo‘ygan. Ayrim davlatlar taklifni qo‘llab-quvvatlagan, biroq muhokama dastlabki bosqichda bo‘lgani uchun hech qanday qaror qabul qilinmagan.
Mazkur g‘oya bahsli hisoblanadi, chunki u NATOning mudofaa harakatlarini Ukraina hududiga ham yoyishni anglatadi. Bu esa ittifoqchilarni Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfi ostida qoldirishi mumkin.
Uchrashuvdan so‘ng NATO Polshaning sharqiy hududlarini kuzatish uchun mamlakatga uzoq masofali radiolokatsion aniqlash va boshqaruv samolyotini (AWACS) joylashtirishini hamda qo‘shimcha kuchlar yuborish masalasini ko‘rib chiqishini e’lon qildi.
20-noyabr kuni Polsha bosh vaziri Donald Tusk minglab xalqaro harbiylar mashg‘ulot o‘tkazayotgan joy yaqinida havo hududi buzilgani ortidan Moskvani “qasddan qilingan provokatsiya”da ayblagan edi.
Sharqiy qanotdagi xavotirlar
Moskva Ukrainaga hujumlarini kuchaytirar ekan, Polsha hamda NATOning Ruminiya va Boltiqbo‘yi davlatlari kabi boshqa sharqiy a’zolari raketa va dronlarning o‘z havo hududiga kirib kelish holatlariga tez-tez duch kelmoqda. Bunga javoban Kiyev Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, kemalari va harbiy obyektlarini nishonga olmoqda.
Manbalarga ko‘ra, rasmiylar 23-noyabr kuni Bryusselda o‘tgan muhokamada NATO qanday texnika va vositalardan foydalanishi mumkinligi haqida tafsilotlarga to‘xtalmagan.
Bunday qadam uchun Kiyev oldindan ogohlantirish yuborishi va alyansga o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat berishi talab etiladi. Biroq har qanday qaror uchun barcha ittifoqchilarning yakdil roziligi (hozircha bunday yakdillik yo‘q) hamda NATO bosh harbiy qo‘mondonining muvofiqlashtiruvi zarur.



