“Bitta yurish uchun qirq daqiqa sarflash bu haqiqatan ham juda koʻp” — Javohir Sindorov | Daryo

Gukeshning izohiga koʻra, 17...Bb4 va 18...h6 yurishlari oq donalarning Ng5 va Nd4 bilan bogʻliq gʻoyalarini toʻxtatish uchun muhim edi. 19...c5 bilan esa u Nd4 yurishiga butunlay yoʻl qoʻymadi. Uzoq oʻylanganda keyingi yurishlarni ham oldindan hisoblab qoʻygani uchun vaqt tanqisligida tezroq oʻynay oldi.
Sindorov partiyadan soʻng qaysi imkoniyatlarni koʻrdi?
Javohir ikki vaziyatga alohida eʼtibor qaratdi:
14-yurish. 13...Bd7 dan keyin u 14.c4 ni oʻynadi. Partiyadan soʻng esa 14.Rd2 rejalarini raqibidan yaxshiroq yashirishi mumkin edi, degan xulosaga keldi.
18-yurish. 17...Bb4 dan keyin 18.Rb2 variantini juda qiziqarli deb baholadi: uning fikricha, qora donalar uchun pozitsiya ancha noqulay boʻlardi.
18-yurishga kelib Sindorov vaqt boʻyicha 50 daqiqadan ziyod oldinda edi. Shunga qaramay u pozitsiya tenglikka yaqinligini tushungan va raqibini qiyin qarorlar qarshisida qoldirishga uringan.
27...Kf6 — qora donalarning muhim himoyasi
Sindorov shoh qanotida faol oʻyin boshladi: 19.Ng3, keyin Nh5 va g4, f4 piyoda yurishlari. Gukesh 22.Ne1 yurishini “juda-juda qiziqarli” yurish deb atadi: Oqlarning Bc5 va Ne4 bilan bogʻliq gʻoyasini u oldindan koʻrmagan.
Gukesh 27...Kf6 bilan qora shohni xavfsiz joyga olib chiqdi. Javohir bu yurishni kutgan, ammo uning kuchini yetarli baholamaganini tan oldi. Yakunga yaqin Gukesh biroz optimistik boʻlgan, lekin Oqlar Rg5+ va Rh5 bilan vaziyatni tenglashtirdi.
Durang nega darhol rasmiylashtirilmadi?
Match reglamentiga koʻra, qora donalarning 40-yurishigacha kelishuv asosida durang qayd etish mumkin emas. Pozitsiya uch marta takrorlansa esa durang talab qilish mumkin.
Sindorovning birinchi talabi qabul qilinmadi va Gukeshga ikki daqiqa vaqt qoʻshib berildi. Gukeshning soʻzlariga koʻra, takrorlanish bir necha marta boʻlgan, ammo qoida boʻyicha durangni aynan kerakli yurishda talab qilish zarur. Yana ikki yurishdan keyin takrorlanish rasmiylashtirildi va partiya 38-yurishda yakunlandi.
“Qoida — qoida”, — dedi Gukesh.
Ruhiy bosim va shaxmatchilarning odatlari
Jurnalistlar Sindorovning oyogʻini qimirlatib oʻtirishi va Gukeshning koʻzlarini yumib olishi haqida ham soʻradi. Ikkalasi ham bu odatlar boshqa turnirlarda ham kuzatilishini aytdi. Javohir hindistonlik shaxmatchilar doim meditatsiya qilishini, buning gʻalati joyi yoʻqligini ham qoʻshimcha qildi.
Butun shaxmat olami matchni kuzatayotgani haqida soʻralganda, Sindorov har bir partiyaga eʼtibor qaratishga va oʻyin zaliga moslashishga harakat qilayotganini aytdi. Gukesh esa bu bosim xayolning bir chetida doim turishini tan oldi:
“Sportchi sifatida har qanday sharoitga moslashib, eng yaxshi oʻyiningni koʻrsatishing kerak”, — dedi Gukesh.
Oʻyin zalidagi muhit
Jenevada Singapurdagi kabi shisha kabina yoʻq. Gukesh tomoshabinlar harakatlanganda poldan gʻijirlagan tovush eshitilganini, lekin bu xalaqit bermaganini aytdi. U muxlislarning oʻyinni yaqindan koʻrishini ham ijobiy baholadi.
Javohir esa professional shaxmatchi har qanday sharoitda oʻynashga tayyor boʻlishi kerakligini taʼkidladi:
“Zalda odamlar koʻproq boʻlgani yaxshi, aks holda juda zerikarli boʻlardi”.



