O‘zbekiston Kubogi finali qachon va qayerda o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi | Daryo

O‘zbekiston Kubogi finalida Toshkentning “Lokomotiv” hamda Namanganning “Navbahor” klublari o‘zaro bahs olib boradi. Uchrashuv 10-dekabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etish joiz, mamlakat kubogi finali olti yillik tanaffusdan so‘ng yana poytaxtda o‘tkaziladi. Liga va klublar o‘rtasidagi kelishuvga binoan, agar finalga vodiyning ikki jamoasi (“Andijon” va “Navbahor”) chiqqanida, uchrashuvga Farg‘onadagi “Istiqlol” stadioni mezbonlik qilishi belgilangan edi. Biroq hal qiluvchi bosqichga “Lokomotiv” hamda “Navbahor” yo‘l olgani sababli o‘yin “Paxtakor” arenasida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

O‘zPFL
Shuningdek, final sanasi ham yarimfinal natijalariga bevosita bog‘liq edi. “Andijon” klubi Superliga o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish ehtimoli borligi bois, jamoa finalga chiqqan taqdirda hal qiluvchi bellashuv 16-dekabrga qoldirilishi ko‘zda tutilgandi. Yarimfinalda “Lokomotiv” qo‘shimcha bo‘limlarda “Andijon”ni (2:0), “Navbahor” esa “OKMK”ni (1:0) mag‘lub etgach, finalni 10-dekabr kuni o‘tkazish imkoniyati yuzaga keldi.



