UFC 2027 yilda Toshkentda turnir o‘tkazishi mumkin

Dunyodagi eng yirik MMA tashkiloti UFC 2027 yilning uchinchi choragida Toshkentda turnir o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Musobaqa uchun dastlabki maydon sifatida «Humo Arena» majmuasi ko‘rsatilgan, deb xabar beradi UZ24.
UZ24 ma’lumotiga ko‘ra, UFC'ning Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish rejasiga oid ichki hujjatdan parcha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. 12 noyabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan «UFC Event Expansion: EMEA & Central Asia» nomli hujjatda Toshkent ham turnir o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan shaharlar qatoriga kiritilgan. Bu ma’lumotni La Gazzetta Georgia nashri ham tarqatgan.
Hujjatdagi dastlabki rejaga ko‘ra, Toshkentdagi musobaqa 2027 yil iyul–sentyabr oylarida o‘tkazilishi mumkin. Turnir uchun «Humo Arena» tanlangan taqdirda, unga taxminan 12,5 ming tomoshabin tashrif buyurishi mumkin.
Biroq hujjatda Toshkent loyihasining maqomi «Under Review», ya’ni «ko‘rib chiqilmoqda» deb belgilangan. Bu turnirni o‘tkazish bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini anglatadi. Musobaqaning aniq sanasi ham hozircha ma’lum emas.
Toshkentda UFC turnirini tashkil etish masalasi avval ham muhokama qilingan. 2026 yil iyun oyida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov AQSHda UFC prezidenti Dana Uayt bilan uchrashgan edi. Muloqot davomida O‘zbekistonda Zuffa Boxing musobaqalarini tashkil etish istiqbollari va kelgusida Toshkentda UFC'ning rasmiy turnirini o‘tkazish imkoniyati muhokama qilingan.
Tarqalgan hujjatda Markaziy Osiyo va unga yaqin hududlardagi boshqa shaharlar ham qayd etilgan. Ular orasida Qozog‘istonning Olmaota, Qirg‘izistonning Bishkek va Gruziyaning Tbilisi shaharlari bor.
Dastlabki rejaga muvofiq, Olmaotadagi turnir 2027 yil 1 may kuni o‘tkazilishi mumkin. Tbilisi va Toshkentdagi musobaqalar esa yilning uchinchi choragiga mo‘ljallangan. Ammo bu rejalarning hech biri hozircha rasman tasdiqlanmagan.



