Darsliklardan ko‘ra qiziqarliroq: Koreya tarixini ochib beruvchi 7 ta dorama (treyler) | Daryo

Agar Koreya tarixi bo‘yicha o‘qiganlaringiz juda zerikarli tuyulgan bo‘lsa, mamlakat o‘tmishi bilan ancha qiziqarliroq tarzda tanishishning iloji bor. Mazkur filmlarda quruq sanalar o‘rniga taxt uchun kurashlar va saroy fitnalari, taqiqlangan muhabbat, urushlar hamda tarixning burilish nuqtalarida yashash peshonasiga yozilgan odamlar taqdiri haqida hikoya qilinadi. Albatta, ekranda sodir bo‘layotgan hamma narsani ham hujjatli xronika deb qabul qilmaslik kerak.
“Jumong”
Yil(lar): 2006-2007
Janr(lar): tarix, drama, biografiya
Dorama voqealari miloddan avvalgi I asrda, Koreya yarimoroli va unga tutash hududlarda qadimgi davlatlar hamda qabilalar ittifoqlari mavjud bo‘lgan davrda kechadi. Bosh qahramon — Koguryoning afsonaviy asoschisi Jumong. U tajribasiz shahzodadan tarqoq qabilalarni birlashtira oladigan va Xitoyning Xan sulolasiga zarba bera oladigan hukmdorgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishi kerak.
Dastlab Jumong bo‘lajak buyuk sarkardaga umuman o‘xshamaydi: u o‘gay aka-ukalari bilan raqobatlashadi, xavfli mojarolarga aralashib qoladi va qarshilik harakati yetakchisi hamda o‘zining kelib chiqishiga aloqador bo‘lgan Xemosudan asta-sekin harbiy san’atni o‘rganadi. Uning taqdirida Sosono ham muhim rol o‘ynaydi: u bilan tuzilgan ittifoq qahramonga o‘z mavqeyini mustahkamlashga va yangi davlat barpo etishga yaqinlashishga yordam beradi.
“Jumong” — qadimgi koreys davlatchiligining ildizlarini tushunib yetishni istaganlar uchun ajoyib tanlov. Dorama Koguryoning tashkil topishi haqidagi afsonaga asoslangan (bu voqea an’anaviy ravishda miloddan avvalgi 37-yilga taqaladi), shuning uchun uni tarixiy hukmdorning aniq tarjimai holi sifatida qabul qilmaslik kerak. Biroq u ommaviy madaniyatda uchta qadimgi koreys davlatidan birining shakllanishi haqida qanday hikoya qilinishi borasida tasavvur beradi.
“Alvon yuraklar: Koryo”
Yili: 2016
Janri: drama, melodrama, tarixiy
Zamonaviy qiz Go Xa Jin Quyosh tutilishidan keyin u 941-yilga — Koryo davlatining ilk davriga tushib qoladi. Endi u saroy qoidalariga, o‘ziga yot bo‘lgan turmush tarziga va hukmdor Txedjo — qirol Van Gonning katta oilasiga ko‘nikishga majbur.
Taxt atrofida esa allaqachon kurash alangalanmoqda: bir nechta shahzoda hokimiyatga da’vogarlik qiladi, Xe Su esa asta-sekin ularning o‘zaro ziddiyatiga aralashib qoladi. Ayniqsa, og‘ir o‘tmish va qo‘rqinchli nomga ega bo‘lgan to‘rtinchi shahzoda Van So bilan munosabatlari juda murakkab kechadi.
Dorama tomoshabinni 918-yilda Van Gon asos solgan Koryo sulolasining dastlabki yillariga eltadi. Asar markazida hukmdor vafotidan keyingi taxt uchun kurash hamda serialda Van So nomi bilan tanilgan bo‘lajak qirol Kvandjon siymosi turadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, bu sof tarixiy xronika emas, balki xitoylik yozuvchi Tun Xuaning “Bubudzinsin” romani asosida ishlangan koreyscha talqindir. Shu bois bunda tarixiy voqealar fantastika va romantika bilan uyg‘unlashib ketgan.
“Xvaran”
Yil(lar): 2016–2017
Janr(lar): melodrama
Yosh qirol Chinxin hali hokimiyatni to‘liq o‘z qo‘liga ololmagan, nufuzli zodagonlar esa saroyni o‘z nazoratida ushlab turishga intiladi. Davlatni mustahkamlash va taxt uchun yangi tayanch yaratish maqsadida zodagon yoshlardan iborat xvaranlar guruhi tuzilib, ular harbiy va ijtimoiy hayotga tayyorlanadi.
Yaqin do‘stining fojiali o‘limidan so‘ng poytaxtga kelib qolgan oddiy yigit — Mu Myon ham shu voqealar girdobiga tushib qoladi. U o‘zining kimligini yashirishiga va nasl-nasab ba’zan iste’doddan ham ustun qo‘yiladigan muhitga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Boshqa yigitlar qatori ta’lim olar ekan, u saroy fitnalariga duch keladi va asta-sekin xushro‘y chehralar hamda ko‘zni qamashtiruvchi mashg‘ulotlar ortida ancha jiddiy kurash yashiringanini anglab yetadi.
“Xvaran” seriali keyinchalik yarimorolni birlashtirishda muhim rol o‘ynagan uch qudratli davlatdan biri — qadimgi koreys davlati Silla haqida bilishga qiziqqanlarga manzur bo‘ladi. Dorama asosini zodagon yoshlarni tarbiyalash va harbiy tayyorgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan, tarixda haqiqatan ham mavjud bo‘lgan yoshlar uyushmasi — xvaranlar tarixi tashkil etadi. Serialning ko‘plab qahramonlari va voqealari badiiy to‘qima bo‘lsa-da, voqealar VI asrda, qirol Chinxin hukmronligi davrida kechadi.
“Olti uchar ajdar”
Yil(lar): 2015–2016
Janr(lar): drama, tarixiy
XIV asr oxirida Koryo davlati chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Hokimiyat zaiflashib borar, zodagonlar o‘z ta’sir doirasini kengaytirish uchun kurashar, islohotchilar esa o‘zgarishlar zarurligi haqida tobora dadilroq gapirar edi. Ular orasida eski tartiblarga chek qo‘yib, yangi sulolaga asos solishni maqsad qilgan general Li Son Gyoning maslahatchisi va siyosiy mutafakkir Chon Do Jon ham bor. Biroq generalning o‘g‘li Li Ban Von mamlakat kelajagi va haqiqiy hokimiyat kimga tegishli bo‘lishi kerakligi borasida o‘z qarashlariga ega.
Bo‘lajak Choson taqdirini belgilab beradigan olti nafar qahramonning shuhratparastligi, qarorlari va o‘zaro qarama-qarshiliklari haqidagi hikoya aynan Li Ban Von atrofida kechadi. Bu yerda siyosiy fitnalar ham, harbiy to‘qnashuvlar ham, shaxsiy dramalar ham yetarli. Eng muhimi — hech kim davlat tepasidagi o‘rnini o‘z ixtiyori bilan bo‘shatib bermoqchi emas, shu sababli har doim ham tinch yo‘l bilan kelishishning imkoni bo‘lmaydi.
Dorama Koryoning so‘nggi yillarini hamda 1392-yilda Li Son Gyo tomonidan Choson sulolasiga asos solinishi davrini qamrab oladi. Qahramonlar orasida haqiqiy tarixiy shaxslar: bo‘lajak qirol Txejo, uning o‘g‘li — keyinchalik qirol Txejonga aylanadigan Li Ban Von va davlat arbobi Chon Do Jon bor. Hikoyaning qolgan ishtirokchilari qisman ssenariynavislar tomonidan o‘ylab topilgan.
“Janob Quyosh nuri”
Yil(lar): 2018
Janr(lar): tarixiy, melodrama, drama
1871-yilda Amerikaning Koreyaga uyushtirgan harbiy ekspeditsiyasi paytida quyi tabaqaga mansub kichkina bola AQSHga yo‘l olgan kemaga chiqib oladi. Oradan yillar o‘tib, u vataniga Amerika armiyasi ofitseri — Yujin Chxve bo‘lib qaytadi. Yangi xizmat vazifasi uni Chosonga yetaklaydi. U yerda Yujin asilzoda oila farzandi bo‘lgan, biroq chet el aralashuviga qarshi kurash harakatida yashirincha ishtirok etayotgan Ko E Shin ismli qiz bilan tanishadi.
Ularning muhabbati tobora keskinlashib borayotgan vaziyat fonida rivojlanadi. Koreya o‘z mustaqilligini saqlab qolishga urinmoqda, xorijiy davlatlar ta’sirini kuchaytirmoqda, mamlakat ichida esa islohotlar, eski tartib va qarshilik harakati tarafdorlari o‘zaro to‘qnashmoqda. E Shin vatan kelajagi yo‘lida hayotini xavf ostiga qo‘yishga tayyor, Yujin esa o‘zini kim deb bilishini va kim tomonida bo‘lishni istashini hal qilishi lozim.
“Janob Quyosh nuri” tomoshabinni Koreya tarixining eng murakkab davrlaridan biriga — XIX asr oxiri va XX asr boshlariga yetaklaydi. Bu davrda Choson xorijiy davlatlar bosimi ostida asta-sekin o‘z mustaqilligini yo‘qotib, keyinchalik Yaponiya nazorati ostiga tushib qolgan edi. Dorama real voqealarga, jumladan, 1871-yilgi Amerika ekspeditsiyasiga asoslangan bo‘lib, “Adolat armiyasi” nomi bilan tanilgan qarshilik harakatini namoyish etadi.
“Quroldoshlar”
Yil(lar): 2010
Janr(lar): harbiy, tarixiy, drama

Koreya urushi 1950-yil 25-iyunda, Shimoliy Koreya qo‘shinlari 38-parallelni kesib o‘tib, Janubiy Koreya hududiga bostirib kirishi bilan boshlanadi. Mamlakat nafaqat chegaralar, balki mafkuralar bilan ham ikkiga bo‘linib qoladi, millionlab insonlar esa hayotlarini butunlay o‘zgartirib yuboradigan mojaro girdobiga tortiladi. Dorama frontning oldingi chizig‘iga tushib qolgan bir guruh Janubiy Koreya askarlari haqida hikoya qiladi. Ularning har birida o‘z o‘tmishi, fe’l-atvori va hatto madori qolmaganda ham kurashni davom ettirish uchun sababi bor.
Qahramonlar orasida qo‘mondonlar, yangi chaqirilgan askarlar va tinch hayotni orzu qilgan insonlar bor. Ba’zilar quroldosh do‘stlariga sodiq qolishga intilsa, boshqalari qachonlardir shaxsan tanigan dushmanlariga ro‘baro‘ keladi. Urush qanchalik uzoq davom etsa, harbiy burchni insoniy tuyg‘ulardan ajratish shunchalik qiyinlashib boradi. Bu yerda oddiy javoblar va benuqson qahramonlar yo‘q — faqat hech biri o‘z xohishi bilan tanlamagan sharoitda omon qolishga urinayotgan odamlar bor.
“Quroldoshlar” — Koreya urushi boshlanganining 60 yilligi munosabati bilan yaratilgan bo‘lib, 1975-yilgi xuddi shu nomdagi Janubiy Koreya serialining remeykidir. Syujet 1950–1953-yillardagi mojaro voqealarini qamrab oladi. Bu urush 1953-yil 27-iyulda tinchlik shartnomasi emas, balki yarashuv bitimi imzolanishi bilan rasman yakunlangan edi. Ijodkorlar asosiy e’tiborni siyosiy tizimlar qarama-qarshiligiga emas, balki frontning har ikki tomonidagi oddiy odamlar taqdiriga qaratishgan.
“Qirolicha Ki”
Yil (lar): 2013
Janr (lar): tarix, tarjimai hol, drama, melodrama
Ki Sin Nyan Koryoda tug‘ilgan. Ammo yaqinlarini yo‘qotib, ayriliq va xo‘rliklarni boshdan kechirgach, u mo‘g‘ullarning Yuan sulolasi saroyiga kelib qoladi. Aql-idrok, chidamlilik va xavfli vaziyatda omon qolish qobiliyati tufayli qiz asta-sekin saroy pog‘onalaridan ko‘tariladi va oxir-oqibat qirolichaga aylanadi. Ammo uning mavqeyi qanchalik yuqori bo‘lsa, atrofida shunchalik ko‘p dushmanlar paydo bo‘ladi.
Sin Nyanning hayotida his-tuyg‘ular va siyosat aralashib ketadi: uni Koryo qiroli Van Yu va Yuan taxti vorisi Togon Temur bilan murakkab munosabatlar bog‘lab turadi. Saroy fitnalari, ta’sir uchun kurash va davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar unga shunchaki muhabbatni tanlab, boshqa hamma narsani unutish imkoniyatini qoldirmaydi. Har bir qadam nafaqat uning o‘z taqdirini, balki ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni ham o‘zgartirishi mumkin.
Dorama asosida XIV asrda Yuan sulolasi saroyida eng nufuzli shaxslardan biriga aylangan koreys millatiga mansub haqiqiy ayolning taqdiri yotadi. U tarixga malika Ki nomi bilan kirdi va haqiqatan ham so‘nggi Yuan imperatori Togon Temurning rafiqasi edi. Biroq serial uning tarjimai holini juda romantiklashtiradi va tarixiy faktlar atrofida xayoliy sevgi hikoyasini yaratadi.



