Tormozi ishlamay qolgan mashina, qaysar eshak va Morgunov bilan janjal: “Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari” komediyasi ortidagi qiziqarli voqealar | Daryo

Qo‘rqoq boshini 180 darajaga buradigan epizod ham bundan kam kulgili chiqmagan. Buning uchun Georgiy Vitsin bir necha marta kiyimini almashtirishiga to‘g‘ri keldi. Dastlab aktyor odatdagi holatda, yuzini papoq ostiga yashirib va ko‘ksida qovushtirilgan qo‘llarining barmoqlarini qimirlatib o‘tirdi. Keyin u pidjakni teskari kiyib, harakatlarni takrorladi. Montaj paytida bu kadrlar orasiga Vitsin ensasining yirik plani qo‘shib yuborildi. Shu tariqa boshning aqlbovar qilmas burilishi hosil bo‘ldiki, bu sahna hanuzgacha tomoshabinlarni kuldirib keladi.
Biroq ulkan shpris bilan bog‘liq sahnani suratga olish jarayoni Yevgeniy Morgunovni asabiylashishga majbur qildi. Barzangini katta Jano shprisi yordamida "emlash" g‘oyasini Yuriy Nikulin taklif qilgandi. Xavfsizlik uchun Morgunovning oyoqlari orasiga yostiq qo‘yildi, ammo aktyor baribir Aleksandr Demyanenko tasodifan mo‘ljalda adashishidan xavotirda edi. Suratga olish oldidan u hatto tryukdan voz kechishga ham chog‘landi, biroq oxir-oqibat rozi bo‘ldi. Xayriyatki, Shurik nafaqat ssenariyda, balki amalda ham mergan bo‘lib chiqdi: yettita dublning barchasi ko‘ngilsiz hodisalarsiz o‘tdi.

“Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari” Vitsin, Morgunov va Nikulin uchligi o‘ynagan so‘nggi film bo‘ldi
“Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari” filmi Georgiy Vitsin, Yuriy Nikulin va Yevgeniy Morgunovning rejissyor Leonid Gayday bilan ishlagan so‘nggi kartinasi bo‘ldi. Mashhur uchlikning tarqalib ketishiga bevosita suratga olish maydonchasida rejissyor va Barzangi roli ijrochisi o‘rtasida kelib chiqqan janjal sabab bo‘lgan.
Kunlarning birida Morgunov suratga olish maydonchasiga muxlisalari qurshovida kirib keldi. Gayday begonalarni chiqarib yuborishni talab qildi, biroq bundan norozi bo‘lgan aktyor u bilan aytishib qoldi. G‘azablangan rejissyor Morgunovning ko‘z o‘ngida uning ishtirokidagi qolgan barcha sahnalarni ssenariydan o‘chirib tashladi va artistni Moskvaga qaytarib yuborishni buyurdi.

Ushbu qaror suratga olish guruhiga ortiqcha tashvish tug‘dirdi. Morgunov ishtirokida suratga olib bo‘lingan kadrlarning bir qismini olib tashlashga to‘g‘ri keldi, ayrim epizodlarda esa Barzangining o‘rnini tana tuzilishi aktyornikiga o‘xshash dublyor egalladi. Bu voqeadan so‘ng mashhur uchlik Gaydayning filmlarida boshqa birga ko‘rinish bermadi.
Filmning muvaffaqiyati
“Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari” filmining muvaffaqiyati barcha kutilgan natijalardan ham a’lo bo‘ldi. 1967-yilda komediyani 76,5 million tomoshabin ko‘rdi va shu tufayli u sovet kinoprokatining yetakchisiga aylandi. Qolaversa, kartina SSSR tarixidagi eng ko‘p tomosha qilingan mahalliy filmlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun: Leonid Gaydayning avvalgi ishi — “’I’ operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari”ni deyarli 70 million kishi tomosha qilgan edi.
Biroq rejissyorning asosiy yutug‘i faqat raqamlar bilan o‘lchanmaydi. Qahramonlarning hazillari bir zumda mashhur iboralarga aylandi, Qo‘rqoq, Dovdir, Barzangi, Shurik va Nina esa bir necha avlod tomoshabinlarining sevimli qahramonlariga aylanishdi. Oradan deyarli 60 yil o‘tgan bo‘lsa-da, komediya hamon televideniye orqali muntazam namoyish etib kelinmoqda, ko‘plab sahnalar esa hatto ularni yoddan biladigan insonlarda ham kulgi uyg‘otadi.



