“Garri Potter”dagi Xagrid serialdagi yosh aktyorlar bilan birga o‘suvchi dekoratsiya haqida so‘zlab berdi | Daryo

Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, “Taqiqlangan o‘rmon”dagi sahnalarni suratga olish jarayoni uning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biriga aylangan. U o‘rmon ichida ikki hafta davomida suratga tushgan. Bu sahnalarda qahramonlar yakkashohni izlaydi va Volan-de-Mort bilan uchrashib qolishi mumkin bo‘ladi.
Frost har kuni suratga olish maydonchasiga boshqalardan oldinroq kelishini ham aytdi. U vaqtliroq kelib, dekoratsiyalar orasida sayr qiladi va o‘z rolidagi gaplarni xayolan takrorlaydi. Aktyorning fikricha, atrof-muhit shu qadar ishonarli yaratilganki, unga faqat matnni yodlab olishning o‘zi kifoya. Qolganini esa muhitning o‘zi his qilishga yordam beradi.
Biroq suratga olish jarayonidagi eng qiyin jihat Xagridning paltosi bo‘lgan. Jundan tikilgan kiyimning og‘irligi qariyb 23 kilogrammni tashkil etadi. Qish kunlari bu kiyim aktyorni sovuqdan asragan bo‘lsa-da, yozda havo harorati 29 darajaga yetganida uni kiyib suratga tushish haqiqiy sinovga aylangan. Bundan tashqari, Frost kiyimdan yoqimsiz hid kelishidan ham shikoyat qilgan.

Xagrid obrazini yaratishda aktyor “Yashil milya” filmidagi Jon Koffi qahramonidan hamda o‘z amakisidan ilhomlangan. Uning amakisi bolaligida skarlatinaning kam uchraydigan turini boshdan kechirgan va jismoniy hamda aqliy rivojlanishi 11 yoshli bolaning darajasida qolib ketgan. U jiyanlarini o‘rmonga olib borar, ularga o‘zi to‘qigan hikoyalarni aytib berar, ba’zan esa sovuqda isitish uchun cho‘ntagida jo‘ja ham olib yurardi.
Frost Xagrid obrazida ham ana shu beg‘uborlikni aks ettirishni istagan. Shu bilan birga, uning yarim dev ekanini va ayniqsa, Garrini himoya qilishga kelganda xavfli bo‘lishi mumkinligini ham ko‘rsatishga harakat qilgan.
Yangi Xagrid obrazi biroz beso‘naqay ham bo‘ladi. Birinchi mavsum davomida u tez-tez boshini biror joyga urib oladi, buyumlarga qoqiladi, hatto tasodifan tegib ketgan mebellaridan ham uzr so‘raydi.
Frost Garri Potter rolini ijro etgan yosh aktyor Dominik Maklaflinni ham alohida maqtadi. Uning aytishicha, yosh hamkasbiga nisbatan deyarli otalarcha mehrni his qiladi. Chunki uning zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangan. Ayniqsa, Garri Xogvartsdan kelgan xatni o‘qiydigan sahna aktyorni bosh rol uchun aynan to‘g‘ri nomzod tanlanganiga ishontirgan.




