23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Emma Uotson, Merayya Kerri va kundalik hayotda metrodan foydalanadigan boshqa jahon yulduzlari | Daryo

Shou-biznes 23.11.2026 10:57 0Daryo
Emma Uotson, Merayya Kerri va kundalik hayotda metrodan foydalanadigan boshqa jahon yulduzlari | Daryo

Jahon yulduzlarining aksariyati bir manzildan ikkinchisiga hashamatli avtomobillarida yoki charter reyslarida yetib olishni ma’qul ko‘radi. Ammo ularning orasida jamoat transportidan foydalanadiganlari ham yo‘q emas. Quyida tirbandliklardan qochish va vaqtni tejash maqsadida metroga tushishni ma’qul ko‘radigan Gollivud yulduzlari haqida so‘z boradi.

Sara Jessika Parker

Aktrisa Sara Jessika Parker bir necha bor metroda yurishni yaxshi ko‘rishini aytib o‘tgan. Unga yo‘lovchilarning transportda gazeta o‘qishi, pardoz qilishi va ba’zan manikyur bilan shug‘ullanishi kabi kundalik yumushlarini kuzatish yoqadi.

Bunga uning bolalik yillari sabab bo‘lgan. Aktrisa ulg‘aygan ko‘p farzandli oilada doim mablag‘ yetishmagan. Shu sabab aktrisa ulg‘aygach o‘ta tejamkor bo‘lib qolganini tan oladi. Shuning uchun ham Sara Jessika Parker uchun “ikkinchi qo‘l” do‘konlariga borish hamda avtobus va metrodan foydalanish odatiy hol sanaladi.

Jeyk Jillenhol

Amerikalik aktyor vaqti-vaqti bilan metroda yuradi va yo‘l-yo‘lakay yangi rolining so‘zlarini yodlaydi yoki kitob o‘qiydi. Muxlislar esa bu jarayonni suratga oladi. Ayrim yo‘lovchilarning ta’kidlashicha, yonida jahon miqyosidagi yulduz turgan bir paytda kimdir uxlab ketishi eng hayratlanarli holatdir.

Jessika Chesteyn

“Temmi Feyning ko‘zlari” filmi uchun “Oskar” mukofotini olgan Jessika Chesteyn Nyu Yorkda bo‘lgan paytlarida metro xizmatidan muntazam foydalanadi.

Aktrisa oilasi bilan metroda tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylaydi, ba’zan esa eskalator va vagonlar bo‘ylab uning ortidan kuzatib yurgan jurnalistlarni ham suratga oladi. U barcha suratlarni o‘z sahifalarida e’lon qilib borishi sababli muxbirlarning jamoat transportida uni ta’qib qilishiga hojat qolmaydi.

Dryu Berrimor

Aktrisa Dryu Berrimor bir necha yil avval metro vagonida manikyur qilish orqali o‘zining kosmetika brendi mahsulotlarini reklama qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoat transportida pardoz qilish ancha qulay. Oynaga qarab ko‘zlarga tush, yonoqlarga esa haylayterni qiyinchiliksiz surtib olish mumkin.

Merayya Keri

Xonanda Merayya Kerining qimmatbaho Versace libosida va qo‘riqchilar hamrohligida Nyu York metrosiga tushishi kamdan kam uchraydigan holat bo‘lgan. O‘shanda u hashamatli ziyofatdan qaytayotgan bo‘lib, o‘zi uchun noodatiy ish qilishni istagan.

2019-yilda xonanda o‘sha voqeani yodga olib, “No, no” qo‘shig‘iga aynan yerosti metrosida klip suratga oldi. Tasvirga olish jarayonida u yana yaltiroq libos kiygan va rolikda farzandlari ham ishtirok etgan. Bu xonanda farzandlarining metroga tushishi bilan bog‘liq yagona holat bo‘lib qolgan.

Keti Holms

Aktrisa Keti Holms manziliga tezroq yetib olish uchun metroga tez-tez tushadi. Bunday paytlarda u boshqa yo‘lovchilardan ajralib turmaydi: oddiy kiyinadi va yo‘lda kitob o‘qib ketadi.

O‘xshash yangiliklar