“Hanna Montana” yulduzi Mayli Sayrus musiqachi Maks Morandoga turmushga chiqdi | Daryo

Besh yillik munosabatlardan so‘ng amerikalik qo‘shiqchi Mayli Sayrus va Liily guruhi barabanchisi Maks Morando 21-noyabr kuni nikoh qasamyodlarini aytib, turmush qurdi. Kichik davrada o‘tkazilgan to‘y marosimi Palm Springs shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda kelin-kuyovning oila a’zolari va yaqinlari, jumladan, Tish, Noa hamda Billi Rey Sayrus ishtirok etdi.

To‘ydan olingan suratlarda marosim hovuz bo‘yida o‘tkazilgani, Mayli va Maks esa oq gullar bilan bezatilgan ark ostida turganini ko‘rish mumkin. 20-noyabr, juma kuni juftlik yaqinlari davrasida to‘y oldidan kechki ziyofat ham uyushtirgan. Maylining o‘gay singlisi Lili-Rouz Pursell ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kechadan suratlar bilan bo‘lishdi. Ular orasida menyu tasviri ham bor edi. Unda “M+M” yozuvi aks etgan.
To‘y marosimi juftlik unashtirilganidan bir yil o‘tib bo‘lib o‘tdi. Maksning aytishicha, u Mayliga Kiotoda turmush qurishni taklif qilgan. Bu shahar ularning hech biri avval tashrif buyurmagan, biroq ikkalasi ham anchadan beri borishni orzu qilgan joy edi. Juftlik o‘tgan yilning oktyabr oyida Yaponiyada dam olgan, noyabr o‘rtalariga kelib esa muxlislar Maylining barmog‘idagi unashtiruv uzugini payqab qolgandi.

Kuyov Wonderland nashriga bergan intervyusida turmush qurish taklifini sir saqlash oson bo‘lmaganini ham aytib o‘tgan. Chunki ular safarga chiqishdan oldin ham unashtiruv haqida gaplashishgan. Mayli nimanidir sezgan va buni yashirishga ham urinmagan. Shu sabab Maks kutilmagan sovg‘a tayyorlash uchun ancha ayyorlik qilishiga to‘g‘ri kelgan.
Maksning so‘zlariga ko‘ra, u eng muhim savolni juftlik mehmonxona hududida sayr qilib yurganida bergan.

