“Vaynlarimiz mashhur bo‘lishini kutmagandik” — aktrisalar Mahfuza Sherboyeva va Saodat Ibragimova bilan suhbat (video) | Daryo

Komik aktrisa Mahfuza Sherboyeva va Saodat Ibragimova “Daryo”ga bergan intervyusida “Ledi shou” jamoasining tashkil topishi, talabalikdagi qiyinchiliklar va nimalardan afsuslanishlari haqida so‘zlab berdi.
“Qisqa videolar olish rejamizda yo‘q edi”

— Qisqa videolar suratga olishni avvaldan rejalashtirmaganmiz. Hammasi kutilmaganda, shunchaki tasodif sabab amalga oshdi. “Ledi shou”ning bir sonida akasi bilan kelinoyisiga kun bermaydigan qaynsingil haqida qisqa sahna ko‘rinishi bor edi. Shuni Instagram uchun olib ko‘rsak qanday bo‘larkan, deb uni vayn tarzida suratga oldik. Eng qizig‘i, tayyorgarlik ko‘rmaganimiz uchun bog‘chani uy qilib suratga olgandik. Kutilmaganda videolarimiz “uchib” ketdi va yaxshigina ko‘rildi. Shundan keyin buni davomiy qilish istagi paydo bo‘ldi.
Xarakterlar atayin o‘ylab topilmagan, improvizatsiya bilan yaratilgan, deydi Mahfuza Sherboyeva.
“Hali reklamalar olganimiz yo‘q”
— Odamlar “Reklamasiz vayn qanday yaxshi. Maza qilib ko‘rdik”, deb yozishadi. Kulib, reklama bo‘lsa, biz ham joylardik deyman. Haqiqatan ham, shu kungacha olingan videolarning birortasiga reklama joylamaganmiz. Chunki bizga hali reklama berishgani yo‘q.
Vaynlarga asosiy ish va daromad manbai sifatida qaramayman, men asosan konsert va to‘y xizmatlaridan mablag‘ topaman. Saodatning ham asosiy ishi boshqa, bu sodda ko‘ringani bilan ancha-muncha ishlarni do‘ndiradi, deydi Mahfuza Sherboyeva.
“Ilhom yarim tunda keladi”
— Ilhom kutilmagan vaqtda keladi. Ilgari jamoat transportidan foydalanardim, oynaga qarab o‘tirgan paytimda konsertim uchun qiziqarli voqealar g‘oyasi tug‘ilardi. Hozir jamoat transportidan foydalanmaganim uchun g‘oyalar yarim tunda keladi.
Parodiya qo‘shiqlarni suratga olishimiz juda qiziq kechadi. Masalan, ko‘cha tozalovchilar haqida parodiya qo‘shiq yozganimizda klip uchun kiyim topolmaganmiz. Sergelida Huvaydo Jumayevaning kiyim do‘koni bor, o‘sha yerda ancha vaqt o‘tirganmiz. “Ketdik, bugun syomka qilolmas ekanmiz”, deyishganida “to‘xtanglar, ko‘nglim sezyapti, hozir kiyimlar keladi”. degandim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ko‘chadan bir avtobus ko‘cha tozalovchi ayollar o‘tib qolishgan. Avtobusning ortidan quvib, avtobusni to‘xtatganman va beshta maxsus kiyim berib turishlarini so‘raganman. Og‘rinmay kiyimlarini berishgan va o‘sha kuni klipni suratga olgandik, deydi Mahfuza Sherboyeva.
“Ledi shou” hazillari kimga tegishli?

— Biz to‘rt yildan beri oyda ikki marta “Ledi shou” ko‘rsatuvini tasvirga olamiz. Eng qizig‘i, ssenariy yozmaymiz, faqatgina bugun qaysi voqealarni sahnaga olib chiqishimizni kelishib olamiz. Xarakterlar taqsimlanib, sen undoq bo‘lasan, men bunaqa fe’l-atvorli ayol bo‘laman, deymiz, xolos. Sahnadagi voqeliklarning bari improvizatsiyaga qurilgan bo‘ladi. Sahnada kulib yuborishimiz ham tabiiy, gap-so‘zlardan o‘zimiz ham kulib yuboramiz. Ba’zan hazillar ko‘ngildagidek chiqmasligi ham mumkin. Chunki improvizatsiya har doim omadli chiqadi, deb bo‘lmaydi, deydi Saodat Ibragimova.
Suhbatni to‘liq holda YouTube’dagi Daryo Lifestyle kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

