23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Eng yangilari: 2026-yil noyabr va dekabr oylarida ekranlarga chiqadigan 6 ta turk seriali | Daryo

Media 23.11.2026 18:10 0Daryo
Eng yangilari: 2026-yil noyabr va dekabr oylarida ekranlarga chiqadigan 6 ta turk seriali | Daryo

2026-yilning oxirigacha turdizi muxlislarini yana oltita yangi loyiha namoyishi kutmoqda, bu yil tomoshabinlar e’tiboriga havola etilishi kerak bo‘lgan turk seriallarining ba’zilari esa kelasi yilga qoldirildi — masalan, Faxriye Evjen ishtirokidagi “Portye” seriali.

“Gulchi qiz”

  • Yil: 2026-yil

  • Janr: drama, detektiv, melodrama

  • Rejissyor: Deniz Aksay

  • Ssenariy muallifi: Deniz Aksay

  • Bosh rollarda: Helin Kandemir, Xoqon Chalabiy

19-noyabr 2026-yil sanasida “Men sevgan insonsan” dramasi yulduzi va “Yer ostida” loyihasi aktyori ishtirokidagi “Gulchi qiz” nomli yangi turk serialining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Syujet o‘zining soddaligi va yengilligi bilan darhol e’tiborni tortadi.

Ofisdagi zerikarli ishdan charchagan maftunkor Nilufar (Helin Kandemir) ishdan bo‘shab, gul do‘koni ochishga qaror qiladi. Biroq uning osoyishta hayoti ostonasida Farrux (Xoqon Chalabiy) paydo bo‘lgan lahzada yakun topadi. U niqob ostida ishlovchi politsiyachi bo‘lib, bosh qahramon avvaliga buni xayoliga ham keltirmaydi.

“Pera”

  • Yili: 2026-yil

  • Janri: drama, melodrama

  • Rejissyor: Bahodir Qoratosh

  • Ssenariy muallifi: Basar Basaran

  • Bosh rollarda: Afra Saracho‘g‘lu, Nil Sude Albayrak, Furkan Andich

Disney+ platformasi uchun maxsus suratga olingan “Pera” turk seriali 2026-yilning eng kutilgan loyihalaridan biri hisoblanadi. Birinchidan, unda bosh rolni “Qo‘rg‘on sirlari” seriali yulduzi Afra Saracho‘g‘lu ijro etgani uchun. Ikkinchidan, zamonaviy dunyo muammolarini ko‘tarib chiqqan murakkab syujeti tufayli.

Bosh qahramon Pera — muvaffaqiyatli inflyuyenser bo‘lib, uning hayotini millionlab muxlislar kuzatib boradi. U deyarli tun-u kun kameralar qarshisida bo‘ladi va asta-sekin bunday holat uni charchatganini tushuna boshlaydi. Biroq bu yaltiroq hayot ortida og‘ir o‘tmish yashiringan. Bosh qahramon to‘satdan kuchli nafrat to‘lqiniga duch kelgach, nihoyat o‘zini anglashga urinib ko‘rish uchun Istanbuldan chekka viloyatga ketishga qaror qiladi.

“Eshref Tek”

  • Yili: 2026

  • Janr: drama, kriminal

  • Rejissyor: Uluch Bayraktar

  • Ssenariy mualliflari: Ethem O‘zishiq, Lokman Maral, O‘zan Ag‘ach

  • Bosh rollarda: Chag‘atoy Ulusoy, Aybuke Pusat, Go‘rkem Sevindik

“Eshref va Ro‘yo” serialining spin-offi, albatta, muxlislarga ular orzu qilgan va xayrli yakun topgan uchinchi mavsum o‘rnini bosa olmaydi. Biroq u yana kriminal voqealar girdobiga sho‘ng‘ish hamda bosh qahramon qanday qilib mafiya olamida bu qadar nufuzli shaxsga aylanganini bilib olish imkonini beradi.

Tomoshabinlar nafaqat Eshrefning Kiprdan Istanbulga qanday ko‘chib o‘tganini ko‘rishadi, balki uning serialdagi asosiy qahramonlar bilan qanday tanishganidan ham xabardor bo‘lishadi. Ro‘yo ushbu loyihada ishtirok etmaydi, lekin serialni baribir tomosha qilishga arziydi. Serial ijodkorlari uning 2026-yil oxirigacha ekranlarga chiqishini va’da qilishmoqda. Internetdagi ma’lumotlarga qaraganda, ijodiy jamoa dastlabki qismlarning ayrim sahnalarini Kiprda suratga olishga ham ulgurgan.

“Suvsiz yoz”

  • Yili: 2026

  • Janr: drama

  • Rejissyor: Yusuf Pirhasan

  • Ssenariy muallifi: Sema Ergenekon

  • Bosh rollarda: Mert Ramazan Demir, Lizge Jomert, Batuhan Bozkurt

Nejati Jumalining mashhur asari yana bir bor ekranlarda jonlanadi, ammo bu safar qahramonlarni Mert Ramazan Demir, Lizge Jomert va Batuhan Bozkurt gavdalantiradi. Biz 1970-yillardagi Turkiyani ko‘ramiz, voqealar esa Chukurovadagi Charlak qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi. Qishloqda hukm surayotgan qurg‘oqchilik aholini hosilsiz qoldirishi mumkin, yagona suv manbai esa ikki aka-uka — Hasan va Usmon ishlov beradigan yerda joylashgan.

Hasanning barcha “qo‘shnilar” uchun suv yo‘lini to‘sib qo‘yish istagi keskin norozilik bilan kutib olinadi va ayovsiz qarama-qarshilikka aylanib, fojiali oqibatlarga olib keladi. Usmon aybni o‘z bo‘yniga olib, qamoqqa tushishga majbur bo‘ladi, lekin u uyiga qaytganidan so‘ng, hayot endi hech qachon avvalgidek bo‘lmasligi aniq.

“Qora qishloq”

  • Yili: 2026

  • Janr: drama, melodrama

  • Rejissyor: Nezaket Joshkun

  • Ssenariy muallifi: Deniz Akchay

  • Bosh rollarda: O‘zge Torer, Onur Tuna

Dastlab “Qora qishloq” serialida bosh rolni Hande Erchel o‘ynashi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq yakunda uning o‘rni “Hukmdor Usmon” seriali yulduzi O‘zge Torerga nasib etdi, suratga olish maydonchasida esa aktrisaga Onur Tuna partnyor bo‘ldi.

Yangi serial premyerasi 2026-yil dekabr oyiga rejalashtirilgan, hozircha esa telekanal aniq sanani aytmagani sababli suratga olish guruhi vaqtincha tanaffus qilishga majbur bo‘ldi. Uchta qism allaqachon suratga olingan, shuning uchun loyiha albatta (va tez orada) ekranlarga chiqadi.

Diqqat markazida o‘z o‘tmishidan qutulish va yangi hayot boshlash uchun bir vaqtlar yaqinlaridan qochib ketgan Ferda ismli qiz bo‘ladi. Yillar o‘tib, qahramon o‘zining mudhish sirlari saqlanayotgan joyga qaytishga majbur bo‘ladi va bu qaytish nafaqat qizning o‘z hayotida, balki atrofdagilarning hayotida ham ko‘p narsani o‘zgartirib yuboradi.

“Meneksha”

  • Yili: 2026

  • Janr: drama

  • Rejissyorlar: Fulya Yavuzog‘lu, Eje Taxtaliog‘lu Pertez

  • Ssenariy mualliflari: Merve Baliqchi Ateshog‘lu, Baran Gundog‘du Yildirim, Vural Baliqji

  • Bosh rollarda: Batuxan O‘zdemir, Eylul Guz Bozkurt

Voqealar markazida 18 yoshlarida bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan, biroq oilalarining tazyiqi ostida o‘z tuyg‘ularidan voz kechishga majbur bo‘lgan Menekshe va Murat turadi.

Yillar o‘tib, taqdir ularni yana uchrashtiradi, ammo ularni visol o‘rniga munosabatlarni oydinlashtirishdek murakkab jarayon kutmoqda. Loyiha premyerasi 2026-yil 30-noyabrda bo‘lib o‘tadi, shundan so‘ng dizi haftaning har ish kuni Show TV telekanalida namoyish etiladi.

O‘xshash yangiliklar