23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Titanik” yulduzlari 30 yildan so‘ng: ular bugun qanday hayot kechirmoqda? (foto) | Daryo

Media 23.11.2026 13:52 0Daryo
“Titanik” yulduzlari 30 yildan so‘ng: ular bugun qanday hayot kechirmoqda? (foto) | Daryo

Oradan deyarli 30 yil o‘tgan bo‘lsa-da, “Titanik” hamon kino tarixidagi eng mashhur filmlardan biri bo‘lib qolmoqda. Garchi Leonardo Di Kaprio va Keyt Uinslet bungacha ham tanilgan bo‘lishsa-da, mazkur kartina har ikki aktyorning karyerasida eng muhim bosqichga aylandi. Suratga olish jamoasi a’zolaridan kimdir Gollivudning yirik loyihalarida suratga tushishda davom etgan bo‘lsa, yana kimdir butunlay boshqa yo‘lni tanladi. Quyida “Titanik”ning asosiy yulduzlarini yodga olamiz va ular bugungi kunda nima bilan band ekani haqida ma’lumot beramiz.

Leonardo Di Kaprio

“Titanik”ning muvaffaqiyatidan so‘ng Di Kaprio Gollivud yulduzi maqomini mustahkamladi. U Martin Skorseze, Kristofer Nolan, Kventin Tarantino va boshqa mashhur rejissyorlarning filmlarida suratga tushdi. Uning filmografiyasidan “Firibgar”, “Aviator”, “Muqaddima”, “La’natlanganlar oroli”, “Uoll-strit bo‘risi” hamda “Bir paytlar... Gollivudda” kabi kartinalar joy oldi. 2016-yilda aktyor “Omon qolgan” filmidagi bosh roli uchun uzoq kutilgan “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi.

2023-yilda Di Kaprio “Gulli oy qotillari” dramasida namoyon bo‘ldi, 2025-yilda esa Pol Tomas Andersonning “Jang ortidan jang” kartinasida rol o‘ynadi. Uning navbatdagi yirik loyihalari qatorida Martin Skorsezening “Tunda nima sodir bo‘ladi” nomli gotik trilleri bo‘lib, unda aktyor Jennifer Lourens bilan birga suratga tushmoqda. Kinodan tashqari, Leonardo atrof-muhitni muhofaza qilish bilan faol shug‘ullanadi va ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Keyt Uinslet

“Titanik”dan keyin aktrisa faqat romantik dramalar bilan cheklanib qolmadi. U tarixiy kartinalar, psixologik trillerlar va mustaqil kino loyihalarida suratga tushdi. Uning eng mashhur ishlari qatorida “Beg‘ubor aqlning abadiy quyoshi”, “Kitobxon”, “O‘zgarishlar yo‘li” va “Isttaunlik Meyr” kabi filmlar bor. “Kitobxon” filmidagi roli uchun Keyt 2009-yilda “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.

So‘nggi yillarda Uinslet kino va televideniyeda faol ishlashda davom etmoqda. 2022-yilda u “Avatar: suv yo‘li” filmida Ronal rolini ijro etdi. 2025-yilda aktrisa rejissyor sifatida “Alvido, Jun” oilaviy dramasi bilan debyut qildi va ushbu filmda bosh rollardan birini ham o‘ynadi. Kartina ssenariysini uning o‘g‘li Jo Anders yozgan. Bundan tashqari, Keyt 2027-yilda ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan “Uzuklar hukmdori” olamiga mansub yangi film — “Gollum ovi”da ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘xshash yangiliklar