25.11.2026, Chorshanba+12.1°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+12.1°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Ikkinchi imkoniyat: 50 yoshdan keyin hayotini o‘zgartirgan qahramonlar haqidagi 5 ta film | Daryo

Media 25.11.2026 10:54 0Daryo
Ikkinchi imkoniyat: 50 yoshdan keyin hayotini o‘zgartirgan qahramonlar haqidagi 5 ta film | Daryo

Hayotning ma’lum bir bosqichida inson o‘zini o‘zgartirish, yangi yo‘l tanlash yoki yillar davomida kechiktirib kelgan orzularini amalga oshirish uchun kech qolgandek his qilishi mumkin. Ammo yosh — yangi boshlanishlar uchun to‘siq emas. Ba’zan kutilmagan uchrashuv, og‘ir ayriliq, yangi ish yoki shunchaki boshqa muhit insonni o‘zini qayta kashf etishga undaydi.

“Seni tushlarimda ko‘raman”

Har qanday yoshdagi inson hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan kuch — bu muhabbatdir. Brett Heylining 2015-yilda chiqqan “Seni tushlarimda ko‘raman” komediya dramasi ham shu haqda. Bosh qahramon, 70 yoshli sobiq qo‘shiqchi Kerol Petersen turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng yangi munosabatlar haqida o‘ylamagan. To‘satdan uning hayotida birdaniga ikkita erkak paydo bo‘ladi: yosh basseyn tozalovchi va o‘z yaxtasiga ega xushmuomala tengdoshi.

Image

Filmning bosh rol ijrochisi aktrisa Bleyt Danner bo‘lib, uning kino karyerasi 1970-yillarning boshlarida boshlangan. Ikki karra “Emmi” mukofoti sovrindori, “Toni” va “Saturn” mukofotlari sohibasi Danner ko‘plab esda qolarli ikkinchi darajali rollari bilan ham tomoshabinlar mehrini qozongan. U “Ota-onalar bilan tanishuv” va uning davomidagi filmlarda bosh qahramonning qaynonasi rolini ijro etgan. Shuningdek, “Jins: maxfiy material” komediyasida o‘zga sayyoralik Pol bilan uchrashgan qiz obrazini gavdalantirgan. “Seni tushlarimda ko‘raman” filmida esa aktrisa yoshi ulg‘aygan bo‘lsa-da, hayotdan zavq olish, yangi munosabatlar va orzular sari intilishdan voz kechmagan ayol obrazini mahorat bilan yaratdi.

“Bu yerda Britt-Mari bo‘lgan”

Shvetsiyalik rejissyor Tuva Novotnining “Bu yerda Britt-Mari bo‘lgan” komediya-dramasida ham bosh qahramonning hayotini tubdan o‘zgartirishga undagan kuch muhabbat bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, erining boshqa ayolga bo‘lgan muhabbati. Qirq yil birga yashagan turmush o‘rtog‘ining xiyonatidan tasodifan xabar topgan uy bekasi Britt-Mari kichik Borg shaharchasiga yo‘l oladi. U yerda dam olish markazi rahbari va mahalliy bolalar futbol jamoasi murabbiyi bo‘lib ishlay boshlaydi. Futbol haqida mutlaqo tasavvurga ega bo‘lmagan Britt-Mari kundalik turmushni tartibga solish va tashkilotchilik borasida esa tengsiz mahoratga ega.

Image

Bosh rolni taniqli shved aktrisasi va rejissyori Pernilla August ijro etgan. Ijodiy faoliyatini 1970-yillarda boshlagan aktrisa uzoq vaqt Ingmar Bergman spektakllari va filmlarida rol o‘ynagan. U “Ezgu niyatlar” filmi uchun Kann kinofestivalida mukofotga sazovor bo‘lgan. Keng tomoshabinlarga esa “Yulduzlar jangi” franshizasidagi Shmi Sayuolker obrazi orqali tanish. “Bu yerda Britt-Mari bo‘lgan” filmida Pernilla August eski odatlar va yillar davomida shakllangan qo‘rquvlar qobig‘idan chiqib, yangi hayot sari qadam tashlashga qiynalayotgan ayol obrazini mahorat bilan ijro etgan.

“Stajyor” (2015)

Nensi Mayersning “Stajyor” filmida bosh qahramon, 70 yoshli beva erkak Ben Uitaker na yangi romantik munosabatlar, na pul topish ilinjida bo‘ladi. U shunchaki bekorchilikdan zerikkan. Shu sababli keksalar uchun emas, yoshlarga mo‘ljallangan ishga joylashadi va kutilmaganda xodimlarining o‘rtacha yoshi 30 dan oshmaydigan kompaniyaning ajralmas a’zosiga aylanadi. Benning ishda muvaffaqiyat qozonishiga boy hayotiy tajribasi va yillar davomida orttirgan donoligi yordam beradi. Hatto o‘tgan asrga xos muomala madaniyati va odob-axloqi ham zamonaviy ofis muhitida kamyob fazilatga aylanadi.

Image

Ben Uitaker rolini “Oskar” mukofoti sovrindori, aktyor, rejissyor va prodyuser Robert De Niro ijro etgan. Uning ijrosi, ayniqsa, De Niro va Enn Heteuey o‘rtasidagi ekrandagi samimiy munosabat tufayli tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan. Heteuey ijro etgan kompaniya bosh direktori Jyul Ostin uchun Ben oddiy xodim emas, balki hayotiy tajribasi va otalarcha maslahatlari bilan yordam beradigan hamrohga aylanadi.

“Narkokuryer” (2018)

Hayotini tubdan o‘zgartirish har doim ham yaxshilikka olib kelavermaydi. Bu haqda 2018-yilda suratga olingan, “Narkokuryer” nomi bilan ham tanilgan “Mule” kriminal dramasi hikoya qiladi. Film rejissyori va prodyuseri mashhur amerikalik aktyor Klint Istvud bo‘lib, u bundan ikki yil avval aktyorlik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan edi. Shunga qaramay, kartinada bosh rolni o‘zi ijro etdi.

Image

Film qahramoni — Koreya urushi qatnashchisi, 90 yoshni qarshilagan Erl Stoun. U anchadan beri xotini bilan ayriliqda yashaydi va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Pulga qattiq muhtoj bo‘lib qolgan qariya Meksika narkokarteli uchun noqonuniy yuk tashishga rozi bo‘ladi. Kutilmaganda u hech kimda shubha uyg‘otmaydigan, ancha muvaffaqiyatli kuryerga aylanadi. Biroq voqealar rivoji muqarrar yakunga olib boradi: politsiya keksa narkokuryerning iziga tushadi va Erl hayotini o‘zgartirishga urinib, noto‘g‘ri yo‘lni tanlaganini tan olishga majbur bo‘ladi.

“Merigold mehmonxonasi: eng ekzotik” (2011)

Hayotini o‘zgartirish uchun yangi ish boshlash yoki boshqa insonni uchratish shart emas. Jon Maddenning “Merigold mehmonxonasi: eng ekzotik” nomli yorqin komediyasi qahramonlari buni shunchaki yashash joyini almashtirish orqali uddalaydi.

Film syujetiga ko‘ra, turli sabablarga ko‘ra bir guruh pensionerlar an’anaviy Britaniyadagi odatiy hayotini tark etib, Hindistondagi “Merigold” mehmonxonasiga ko‘chib o‘tadi. Biroq ular manzilga yetib kelgach, ingliz mustamlakachilik uslubida qurilgan hashamatli qariyalar uyi deb tasavvur qilgan maskan aslida ancha eski, ta’mirtalab mehmonxona ekanini bilib qoladi. Uni tartibga keltirishga urinayotgan boshqaruvchi Sonni Kapur (Dev Patel) ham ishlarni uddalay olmayotgandek ko‘rinadi. Shunga qaramay, kundalik turmushdagi noqulayliklar tez orada ikkinchi darajaga tushib qoladi. Chunki Hindistonning o‘ziga xos muhiti mehmonlarning hayotiga kutilmagan o‘zgarishlar olib kiradi.

Image

Filmda britaniyalik keksa avlodning ko‘plab taniqli aktyorlari ishtirok etgan. Beva qolgan uy bekasi rolini Judi Dench ijro etgan va ushbu obrazi uchun aktrisa navbatdagi “Oltin globus” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan. Meggi Smit Hindistonga son suyagi operatsiyasini o‘tkazish uchun kelgan, doim norozi bo‘lib yuradigan Myuriel obrazini gavdalantirgan. Bill Nay va Penelopa Uilton esa qizining startap loyihasiga barcha jamg‘armalarini tikkan keksa er-xotin rolida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, “Vatanparvar” va “Beg‘ubor aqlning abadiy quyoshi” filmlaridagi rollari bilan tanilgan Tom Uilkinson hamda boshqa ko‘plab mashhur aktyorlar suratga tushgan.

O‘xshash yangiliklar