Ispaniyada bolalar maydonchasi ostidan ulkan yerosti marixuana plantatsiyasi topildi (video) | Daryo

Ispaniya Fuqarolik gvardiyasi (Ichki ishlar vazirligi bo‘linmasi) Granada yaqinidagi Las Gabias shaharchasida bolalar maydonchasi ostida joylashgan yirik yerosti marixuana plantatsiyasini aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, xususiy hududda joylashgan, arg‘imchoqlar, o‘yin uychasi va sun’iy maysazorga ega bolalar maydonchasi ulkan bunkerga kirish qismini yashirib turgan. Maxsus gidravlik mexanizm maydonchani yuqoriga ko‘targan va shundan so‘ng avtomobillar uchun kirish yo‘lagi ochilgan.
Ventilyatsiya, iqlim nazorati va yoritish tizimlari bilan jihozlangan bunkerda, taxminan, ikki ming tup marixuana o‘simligi parvarishlangan. Plantatsiyani tashkil etgan shaxslarga elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish aybi ham qo‘yilgan — bunkerda, taxminan, 100 ta turar joy binosi sarflaydigan miqdordagi elektr energiyasidan foydalanilgan.
Bolalar maydonchasi ostidagi yashirin plantatsiyani fosh etishga olib kelgan tergov ishlari qariyb bir yil davom etdi. Mazkur ish doirasida besh kishi qo‘lga olingan, biroq huquq-tartibot idoralari hozircha ularning ismi-sharifi va boshqa tafsilotlarni oshkor qilmayapti.



