Rossiyada dron hujumi oqibatlari aks etgan tasvirlarni tarqatganlarni qamash taklif etildi | Daryo

Rossiyada bir guruh senatorlar Davlat dumasiga yangi qonun loyihasini kiritdi. Unda mamlakat hududidagi obyektlarga uyushtirilgan hujumlar oqibatlari haqidagi ma’lumotlarni noqonuniy tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilgan. Hujjat Davlat dumasi bazasida e’lon qilindi.
Qonun loyihasi Jinoyat kodeksiga yangi modda kiritishni taklif etadi. Moddaning birinchi qismi bunday huquqbuzarlik uchun avval ma’muriy jazo olgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Bu holatda aybdorlarga uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.
Agar ma’lumotlarning tarqatilishi og‘ir oqibatlarga, jumladan, ehtiyotsizlik tufayli inson o‘limiga, salomatlik yoki mol-mulkka zarar yetishiga yoxud jamoat tartibining ommaviy buzilishiga olib kelsa, aybdorlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Quyidagi ma’lumotlarni tarqatish jazoga sabab bo‘lishi mumkin:
dushman tomonidan dron va raketalar qo‘llanishi oqibatlari;
harbiy texnika joylashtirilgan va qurol-yarog‘ saqlanadigan joylar;
teraktlar, qo‘poruvchilik harakatlari, davlat va jamoat arboblariga uyushtirilgan suiqasdlar oqibatlari.
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida aytilishicha, ushbu hujjat mamlakat mudofaasi, aholi xavfsizligi va muhim obyektlarga tahdid solishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarning noqonuniy tarqatilishiga qarshi choralarni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya hududlari teraktlar va dron hujumlari oqibatlari aks etgan foto va videolarni e’lon qilishga mustaqil ravishda taqiq joriy etib kelmoqda. Xususan, Moskvada bunday cheklovlar 2026-yil may oyidan kuchga kirgan. O‘sha paytda Rossiyaning 30 dan ortiq hududida bunday taqiqlar amalda bo‘lgan.
Rossiya poytaxtida ushbu taqiqni buzganlik uchun fuqarolarga 3 mingdan 5 minggacha, mansabdor shaxslarga 30 mingdan 50 minggacha, yuridik shaxslarga esa 50 mingdan 200 ming rublgacha jarima belgilangan.



