Kim Chen In rossiyalik xonandaning konsertida sahnaga chiqdi (video) | Daryo

26-noyabr kuni Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda rossiyalik san’atkorlarning konserti bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya xalq artisti Larisa Dolina ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchixonasi.
Konsertdan e’lon qilingan kadrlarda Kim Chen In sahnaga chiqib, Larisa Dolina bilan qo‘l berib ko‘rishgani va san’atkorlar qurshovida suratga tushgani aks etgan.

Foto: Rossiya Tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi
Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Chen In Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hukumatlararo komissiya yig‘ilishining birinchi kuni yakunida tashkil etilgan konsert uchun moskvalik san’atkorlarga shaxsan minnatdorlik bildirgan.

Foto: Rossiya Tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi
Qayd etilishicha, 25–27-noyabr kunlari Pxenyanda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Rossiya tabiiy resurslar vaziri, hukumatlararo komissiya hamraisi Aleksandr Kozlov muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini ta’kidlagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat yetakchilari ilgari kelishib olgan loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bular Tuman daryosi ustida ko‘prik qurish, Moskva va Pxenyan o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Kim Chen In oilasi bilan turistik zonaga borgani, u yerda qizi chang‘i uchgani haqida xabar berilgandi.



