O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi vafoti sabab Superliga o‘tish o‘yini qoldirildi | Daryo

O‘zbekiston futboli faxriysi, 1994-yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi va “FarDU” klubi bosh murabbiyi Sergey Lebedev 24-noyabr kuni 57 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassis 25-noyabr, chorshanba kuni Bekobodda “Metallurg”ga qarshi o‘tadigan pley-off bahsiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida shogirdlari bilan Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazayotgan bo‘lgan. Biroq u kutilmaganda o‘zini yomon his qilgan va zudlik bilan poytaxtdagi klinikalardan biriga olib borilgan. Shifokorlarning urinishlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Ushbu holat sabab 25-noyabrga belgilangan “Metallurg” — “FarDU” uchrashuvi boshqa muddatga qoldirildi. PFL vaziyatni to‘g‘ri tushungan Bekobod klubiga minnatdorchilik bildirib, bahsning yangi sanasi keyinroq ma’lum qilinishini bildirdi. Shuningdek, bugun, 24-noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Kubogi yarimfinal bellashuvlari Sergey Lebedev xotirasiga hurmat yuzasidan bir daqiqalik sukut bilan boshlandi.
Ma’lumot uchun, Sergey Lebedev 1969-yil 31-yanvarda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Yarimhimoyachi sifatida faoliyatining asosiy qismini Farg‘onaning “Neftchi” klubida o‘tkazib, besh karra O‘zbekiston chempioni va ikki karra mamlakat kubogi sohibiga aylangan. 1994–2000-yillarda O‘zbekiston milliy jamoasi safida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urgan hamda 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritgan.



