O‘zbekistonda havo sifati yomonlashganda avtomobillar harakatini toq va juft sanalar bo‘yicha cheklash taklif etilmoqda | Daryo

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi atmosfera havosi sifati yomonlashishining oldini olish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjat prezidentning 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Avtomobillar harakati va qurilish ishlari cheklanishi mumkin
Loyihaga ko‘ra, atmosfera havosi sifati yomonlashgan davrlarda viloyat va shahar markazlarida og‘ir yuk tashuvchi avtomobillar harakatini vaqtincha cheklash yoki ularni shaharni aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Zaruratga ko‘ra, transport vositalarining davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishini belgilash amaliyoti joriy etilishi mumkin. Elektromobillar va maxsus transport vositalari bundan mustasno.
Shuningdek, hududdagi ekologik vaziyatdan kelib chiqib, Ekologiya qo‘mitasining asoslantirilgan taklifiga ko‘ra, transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadigan ko‘chalar va yo‘l uchastkalari belgilanadi.
Shahar markazlari va aholi zich joylashgan hududlarda qurilish ishlariga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi, qurilish maydonlarida chang bostirish uskunalaridan majburiy foydalanish, qurilish materiallarini yopiq holda saqlash va tashish hamda maydonlarni muntazam namlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari vaqtincha pasaytirilishi mumkin
Atmosfera havosi sifati “qizil” va “binafsharang” darajaga yetganda atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga mansub korxonalar havoga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish maqsadida ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirishi lozim bo‘ladi. Maxsus huquqiy rejimga ega va strategik obyektlar bundan mustasno.
Noqulay meteorologik sharoitlar kuzatilgan davrlarda energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanadi. Ushbu talab avariya holatlari va energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash zarur bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tatbiq etilmaydi.
Viloyat va shahar markazlari hamda ularga tutash hududlardagi issiqxonalarda yoqilg‘i hisoblanmaydigan mahsulotlardan foydalanishning oldini olish maqsadida Ekopolitsiya va manfaatdor idoralar hamkorligida muntazam reydlar o‘tkaziladi.
Tabiiy changlanish kuchaygan va havo sifati yomonlashgan davrlarda shaharlardagi barcha mavjud favvoralarning uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Markaziy ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarni sug‘orish hamda namlantirish ishlari kuchaytiriladi.
Masofaviy ish va o‘qish tartibiga o‘tish tavsiya etilishi mumkin
Sog‘liqni saqlash vazirligi havo sifati yomonlashgan davrlarda aholi salomatligini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga quyidagi choralarni ko‘rish yuzasidan takliflar kiritib boradi:
aholining ochiq havoda bo‘lishini cheklash, ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor shaxslarga uyda qolishni tavsiya etish;
ta’lim muassasalarida ochiq havodagi mashg‘ulotlarni vaqtincha bekor qilish;
ommaviy tadbirlarni cheklash;
zaruratga ko‘ra, davlat tashkilotlarida ish rejimini o‘zgartirish yoki masofaviy shaklga o‘tkazish.
Havo sifati “qizil” va “binafsharang” darajada qayd etilgan davrlarda salomatligi yomonlashgan fuqarolarga oilaviy poliklinikalar va tez tibbiy yordam xizmatlari tomonidan ustuvor tartibda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Havo sifatini baholashning milliy indeksi joriy etilishi mumkin
Qaror loyihasi bilan atmosfera havosi sifatini yagona mezonlar asosida baholash maqsadida milliy indeks va uning beshta darajasini tasdiqlash taklif etilmoqda:
yashil — ifloslanishning xavfsiz darajasi;
sariq — ifloslantiruvchi moddalarning sezgir aholi guruhlariga qisqa muddatli ta’siri kuzatilishi mumkin bo‘lgan daraja;
zarg‘aldoq — ifloslanishning o‘rtacha darajasi;
qizil — aholining ko‘p qismi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjud bo‘lgan daraja;
binafsharang — cheklov va profilaktika choralarini ko‘rishni talab qiladigan yuqori ifloslanish darajasi.
Havo sifati PM2,5 va PM10 zarralari, NO₂, SO₂, CO hamda O₃ miqdori asosida baholanadi. Havo sifati “qizil” va “binafsharang” darajada toifalanganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali aholining mobil telefonlariga SMS xabar yuboriladi.
“Binafsharang” darajada aholiga ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik, imkon qadar masofaviy ish va o‘qish tartibiga o‘tish tavsiya etiladi. Ochiq havoda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar va sport musobaqalarini bekor qilish yoki boshqa vaqtga ko‘chirish lozimligi belgilanmoqda.
Havo sifati favqulodda darajadan normal darajaga qaytgach, Ekologiya qo‘mitasi yuzaga kelgan holat sabablari, ko‘rilgan choralar va ularning samaradorligi to‘g‘risida tahliliy hisobot tayyorlab, ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi. Qaror loyihasi muhokamasi 12-dekabrga qadar davom etadi.
Avvalroq 2026—2030-yillarda “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish belgilangani haqida xabar berilgandi. Loyiha doirasida atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10,5 foizga, transport vositalaridan chiqadigan zararli moddalar miqdorini 10 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.



