Qozog‘istonda yangi virus tarqalgani haqidagi xabarlarga izoh berildi | Daryo

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda odamlarni holdan toydirayotgan yangi virus tarqalgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda Qozog‘iston vazirligiga so‘rov yuborgan Rossiyaning “Rospotrebnadzor” idorasiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Qozog‘iston SSV kasallanish holatlari ko‘payganini o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va grippning mavsumiy tarqalishi bilan izohladi. Tibbiyot muassasalari odatdagi tartibda ishlayapti, deyiladi vazirlik axborotida.
O‘z navbatida “Rospotrebnadzor” Rossiyada ham ilgari ma’lum bo‘lmagan xavfli viruslar aniqlanmaganini bildirdi. O‘RVI va gripp bilan kasallanish holatlari ko‘paygan bo‘lsa-da, bu mavsum uchun odatiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
21-noyabr kuni “Rospotrebnadzor” yangi virus tarqalgani haqidagi xabarlar ortidan Qozog‘iston SSVdan mamlakatdagi epidemiologik vaziyat haqida ma’lumot so‘ragan. Bunga Qozog‘iston OAVda Olmaota aholisi yuqori isitma va uzoq davom etadigan yo‘taldan shikoyat qilayotgani haqida tarqalgan xabarlar sabab bo‘lgan. Shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi O‘RVI va gripp bilan kasallanish holatlari mavsumiy ko‘paygani sababli qo‘shimcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda enterovirusli infeksiyalar, jumladan, Koksaki virusi bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror va nazorat ostida ekani xabar qilingandi. Sanepidqo‘mita infeksiyaning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni muntazam sovun bilan yuvish va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanishni tavsiya etdi. Shuningdek, fuqarolardan faqat rasmiy manbalardagi ishonchli ma’lumotlarga tayanish so‘raldi.
4-noyabr kuni Sanepidqo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda Koksaki virusi alohida kasallik sifatida statistik hisobga olinmasligini ma’lum qilgan.



