Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani anneksiya qilishga tayyorlanyapti — Gruziya DXX | Daryo

Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Abxaziya va Janubiy Osetiyaning Rossiya nazorati ostida qolayotganini mamlakat milliy xavfsizligiga asosiy tahdid deb atadi. Idora Moskvani ushbu hududlarni anneksiya qilishga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi.
DXX rahbari o‘rinbosari David Archvadze parlamentda idoraning yillik hisobotini taqdim etdi. The Insider hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda Abxaziya va Janubiy Osetiyani Gruziyaning qolgan hududidan ajratib turuvchi chiziq bo‘ylab to‘siqlar o‘rnatish va ularni mustahkamlash holatlari 26 foizga ko‘paygan. Archvadzening so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ushbu hududlar ustidan nazoratni saqlab qolish va mahalliy aholini anneksiyaga tayyorlashga intilmoqda. Moskva buning uchun moliyaviy va iqtisodiy vositalardan foydalanish bilan birga, targ‘ibot ishlarini ham olib borgan, deb ta’kidladi Gruziya DXX.
Hisobotda qayd etilishicha, Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani o‘z tarkibiga qo‘shib olishga qaratilgan harakatlarini kuchaytirgan. Moskva amalda bu hududlarga Rossiyaning bir qismi sifatida munosabatda bo‘la boshlagan. Xususan, Moskva Rossiya pasportlari va haydovchilik guvohnomalarini berish tartibini soddalashtirgan, hududlarga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini yuborgan, transport qatnovini kengaytirgan va Suxumiga aviareyslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan.
Gruziya maxsus xizmatlari Rossotrudnichestvo va Rossiya oliy ta’lim muassasalari ishtirokidagi ta’lim hamda yoshlar loyihalarini mahalliy aholiga rus tili, madaniyati va mafkurasini singdirish vositasi deb hisoblaydi.
Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenkoga ushbu hududlar bilan ishlash vazifasi yuklatilgan. U 2025-yil davomida Abxaziyaga yetti marta, Janubiy Osetiyaga esa ikki marta tashrif buyurgan.
Gruziya DXX uning bu vazifaga tayinlanishini 2024-yil noyabrda Abxaziyada Rossiyaga qarshi bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlar, shuningdek, Moskvaning Janubiy Osetiya hukumati faoliyatidan noroziligi bilan bog‘lagan.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya anneksiyaga qarshi chiquvchilar, jumladan, jurnalistlarga bosimni ham kuchaytirgan. Ularga nisbatan jinoiy ishlar ochilgan, shuningdek, ular Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingan va “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga kiritilgan.
Hududlar ustidan nazorat kuchaymoqda
The Insider Gruziya DXXning 2024 va 2025-yillardagi hisobotlarini solishtirdi. Rossiya nazoratidagi hududlarni ajratib turuvchi chiziq bo‘ylab to‘siqlar, tikanli simlar, chegara belgilari va boshqa inshootlarni o‘rnatish bilan bog‘liq holatlar soni 46 tadan 58 taga oshgan.
Xususan, Janubiy Osetiyada bunday holatlar soni 45 tadan 55 taga, Abxaziyada esa bittadan uchtaga ko‘paygan. Ushbu hududlar chegarasida odamlarning noqonuniy qo‘lga olinishi bilan bog‘liq holatlar soni esa deyarli o‘zgarmagan. Gruziya hukumati 2024-yilda 73 ta, 2025-yilda esa 74 ta shunday holatni qayd etgan.
Abxaziya va Janubiy Osetiya moliyaviy jihatdan ham Moskvaga sezilarli darajada qaram bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda Rossiya Janubiy Osetiya byudjetining qariyb 80 foizini, Abxaziya byudjetining esa 38 foizini moliyalashtirgan. Gruziya DXX ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva ikki hudud byudjeti uchun jami qariyb 192 mln dollar ajratgan.
O‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Abxaziyada doimiy harbiy-dengiz bazasini tashkil etish harakatlaridan xavotir bildirgandi. Shuningdek, ittifoq bosib olingan Gruziya hududlari Rossiyaning siyosiy, harbiy, iqtisodiy va sud tizimlariga qo‘shib borilayotganini qoraladi.
2024-yil yozida Bellingcat tadqiqotchilari Abxaziyaning Ochamchira portida Rossiya harbiy-dengiz infratuzilmasi qurilishi tezlashganini aniqlagandi.
Biroq Rossiya bilan yaqinlashuv Abxaziyaning o‘zida ham qarshiliklarga sabab bo‘lgan. 2024-yil dekabrda ommaviy namoyishlar fonida mahalliy parlament Moskva bilan tuzilgan investitsiya kelishuvini ratifikatsiya qilishdan bosh tortgan. 2026-yil fevralda esa ayrim mahalliy deputatlar Rossiya hujjatlarining tarqatilishini ichki ishlarga aralashish deb baholagach, Moskva Abxaziya hududida pasport va haydovchilik guvohnomalarini berishni to‘xtatgan.
Gruziya 2008-yilgi urushdan keyin Rossiya bilan uzilgan diplomatik munosabatlarini haligacha tiklamagan. Biroq mamlakatning amaldagi hukumati Rossiyaga nisbatan keskin choralar ko‘rishdan tiyilib keladi. Xususan, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin Gruziya G‘arbning Rossiyaga qarshi aksariyat sanksiyalariga qo‘shilmadi. 2024-yil kuzida esa hukumat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini 2028-yil oxirigacha to‘xtatishini e’lon qildi.



