26.11.2026, Payshanba+11.9°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+11.9°CToshkent$11 990.54 26.11.2026

Tramp Xitoy va Yevropa Ittifoqiga yangi bojlar joriy etmoqchi | Daryo

Jahon 25.11.2026 23:40 0Daryo
Tramp Xitoy va Yevropa Ittifoqiga yangi bojlar joriy etmoqchi | Daryo

Donald Tramp ma’muriyati AQSHning 14 ta savdo hamkoriga, jumladan, Xitoy va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga nisbatan qo‘shimcha import bojlarini joriy etishni taklif qildi.

Reuters va Associated Press nashrlarining yozishicha, Xitoy va Vyetnam uchun 20 foizlik, qolgan savdo hamkorlari uchun esa 10–18 foizlik bojlar belgilanishi rejalashtirilgan. Yangi bojlar Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Shveysariya, Tayvan, Tailand, Bangladesh va Kambodjaga ham tatbiq etilishi mumkin.

AQSH hukumati ushbu mamlakatlarda ishlab chiqarish hajmi talabdan ortib ketgani va bu Amerika sanoatiga zarar yetkazayotganini bildirdi. Ayni paytda neft va gaz, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, muhim minerallar, o‘g‘itlar, bir qator mikrochiplar va dori vositalarini yangi bojlardan ozod qilish ko‘zda tutilgan.

Yangi bojlar 2027-yil yanvardan keyingina kuchga kirishi mumkin.

Tax Foundation tadqiqot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Oq uyga qaytganidan beri AQSHning boj siyosati 50 martadan ortiq o‘zgartirilgan. Bu o‘zgarishlar mamlakatning deyarli barcha savdo hamkorlariga ta’sir ko‘rsatgan.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda bojlar tufayli bir amerikalik oilaning soliq yuki o‘rtacha 820 dollarga oshgan.

O‘xshash yangiliklar