AQSh prezidenti ma’muriyati 14 ta savdo hamkoriga, jumladan, Xitoy va Yevropa Ittifoqiga nisbatan yangi bojlar joriy etish rejasini e’lon qildi, deya xabar bermoqda BBC va CBS News.
Bojlar 1974-yilgi AQSh Savdo to‘g‘risidagi qonunining 301-bo‘limiga muvofiq o‘tkazilgan hamda qayta ishlash sanoatidagi ishlab chiqarish quvvatlarining tarkibiy ortiqchaligi va ortiqcha ishlab chiqarishga oid surishtiruv yakunlari bo‘yicha kiritilmoqda.
Qonun AQSh savdo vakiliga savdo kelishuvlari amaldagi bitimlarni buzgan, bozor asosiga ega bo‘lmagan yoki AQSh tovarlariga nisbatan kamsituvchi xususiyatga ega bo‘lgan taqdirda, ular yuzasidan surishtiruv o‘tkazish vakolatini beradi.
Surishtiruv Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Singapur, Shveysariya, Indoneziya, Malayziya, Kambodja, Tailand, Janubiy Koreya, Vetnam, Tayvan, Bangladesh, Yaponiya va Hindistonni qamrab oldi.
Bojlar miqdori mamlakat va tovarlar toifasiga qarab farqlanadi.
Eng yuqori stavkalar Xitoy uchun ko‘zda tutilgan — 40 foizgacha. Undan keyingi o‘rinda Vetnam — 35 foizgacha. Qolgan savdo hamkorlariga nisbatan 20 yoki 25 foizli stavkalar amal qiladi.
Prezident Donald Tramp tomonidan avvalroq bojlarning maksimal stavkalari bo‘yicha kelishilgan cheklovlar tufayli ushbu bojlarning ba’zilari amalda pastroq bo‘ladi.
“O‘nyilliklar davomida ko‘plab savdo hamkorlarimiz ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ish haqi o‘sishini cheklash, moliyaviy va boshqa qo‘llab-quvvatlash shakllaridan foydalanish, resurslarni nobozor narxlarda jalb qilish hamda bozor muhitini buzuvchi boshqa usullarga asoslangan sanoat strategiyalariga amal qilib keldi. Bu savdo balansini ularning foydasiga o‘zgartiradi va ayni paytda AQShning ishlab chiqarish bazasiga putur yetkazadi”, — dedi AQSh savdo vakili Jeymison Grir.
Bojlar faqat 25-yanvarga belgilangan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilganidan so‘ng kuchga kiradi.
O‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davomida Tramp bunday siyosat AQSh sanoatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishini ta’kidlab, bir necha bor bojxona to‘lovlarini joriy etish bilan tahdid qildi yoki ularni amalga kiritdi.
Fevral oyida AQSh Oliy sudi Tramp dunyoning aksariyat mamlakatlariga nisbatan bir tomonlama tartibda joriy etgan ko‘plab bojlarni noqonuniy deb topdi. Sud prezident tariflarni kiritish uchun Favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash orqali o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan deb qaror chiqardi.
Ushbu qaror hukumatga jabr ko‘rgan minglab kompaniyalarga tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi. Biroq Oq uy savdo qonunchiligining boshqa qoidalarini, jumladan, 1962-yilgi Savdoni kengaytirish to‘g‘risidagi qonunning 232-bo‘limini ishga solib, bojlar joriy etish yo‘llarini topdi. Mazkur bo‘lim prezidentga import AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solgan taqdirda, uni cheklash imkonini beradi.




