Amman shahrida Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn rafiqalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Unda ikki mamlakat yetakchilarini oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Mirziyoyevga Iordaniyaning oliy davlat mukofoti — “Al Husayn ibn Ali” ordeni topshirildi.
“O‘zbekiston prezidenti ushbu yuksak mukofotda nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasiga berilgan e’tirofni, balki Iordaniya podshohining o‘zbek xalqiga nisbatan cheksiz hurmati, ko‘p qirrali munosabatlarimiz rivojiga qaratayotgan ulkan e’tiborining yorqin namunasini ko‘rishini mamnuniyat bilan ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, davlat rahbari Iordaniya podshohini “mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin do‘stlik munosabatlari va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun” “Oliy darajali do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
Avvalroq Gazeta Mirziyoyevning Ammanga tashrifi munosabatlar kun tartibini yanada kengaytirishi mumkinligi haqida obzor e’lon qilgandi.
















