Tibbiyotni raqamlaştiriş jarayonlari qay darajada?

Parlament quyi palatasi majlisida soğliqni saqlaş vaziri E.Adilovning “Tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy qiliş borasida amalga oşirilgan işlar, mavjud muammolar va ularning yeçimi töğrisida”gi axboroti eşitildi.
Vazir sohani raqamlaştiriş borasidagi saʼy-harakatlar haqida töxtalar ekan, 2024-2026-yillarda 77 mingta kompyuter xarid qilinib, bugungi kunda kompyuterlar soni 114 mingtaga yetkazilganini qayd etdi. Bu ehtiyojning 87 foizi bölib, joriy yil yakuniga qadar bu körsatkiçni 94 foizga yetkaziş rejalaştirilgan. Planşetlar soni qariyb 44 mingtaga yetkazilib, umumiy ehtiyojning 73 foizini taşkil etmoqda. Bundan uç yil avval mazkur körsatkiç atigi 4 foizni taşkil etgan.
Bugungi kunda 3 ming 500 dan ortiq tibbiyot muassasalarida lokal tarmoq tizimlari taşkil etilib, 70 mingta kompyuter va 14 mingta printerga bepul texnik xizmat körsatildi. Natijada 128 milliard söm mablağ iqtisod qilindi.
Maʼlumki, tibbiyot muassasalari faoliyatini raqamlaştirişda DMED - yagona tibbiyot axborot tizimi muhim örin tutmoqda. Unda elektron şifoxona, elektron statsionar, elektron laboratoriya, elektron retsept, elektron ombor, elektron reabilitatsiya va elektron yöllanma kabi xizmatlar joriy etilgan.
Vazir axborotiga köra, 2025–2026-yillarda DMED tizimini takomillaştiriş böyiça 491 ta taşabbus amalga oşirilgan. 148 mingdan ortiq imtiyozli elektron yöllanma rasmiylaştirilgan, şifokorlar foydalanişi uçun 65 milliondan ziyod tahlil va tibbiy körik maʼlumotlari şakllantirilgan. Şuningdek, 126 ta elektron jurnal va şakl, 28 ta milliy hisobot raqamli körinişga ötkazilgan.

Bundan taşqari, bugungi kunga qadar 20 dan ortiq funksional modul va xizmat işlab çiqilgan bölib, ular 4 mingdan ziyod davlat tibbiyot muassasasi, 6 mingga yaqin xususiy klinika, 11 mingdan ortiq dorixona hamda 38 milliondan ziyod fuqaroni qamrab olgan. Şuningdek, 44 milliondan ortiq laboratoriya tahlillari raqamlaştirilgan.
Vazir qayd etganidek, DMED tizimidagi özgarişlar natijasida şifokorlarning bitta bemor tibbiy kartasini rasmiylaştirişga sarflaydigan vaqti 15-20 daqiqadan 4-5 daqiqaga qisqardi. Bu tibbiyot xodimlarining vaqtini tejaş va bemor bilan bevosita işlaş imkoniyatini kengaytirişga xizmat qilmoqda. Şu bilan birga, tibbiy xizmatlarning ayrim jarayonlari hamon ortiqça qoğozbozlik va maʼmuriy tösiq bilan qolmoqda.
Muhokamalarda deputatlar raqamli tizimlarni joriy etişda saqlanib qolayotgan ayrim muammolarga eʼtibor qaratdi. Xususan, davlat tibbiyot muassasalarida DMED tizimi töliq yölga qöyilmagani, vazirlikning raqamli platformalari xususiy tibbiyot taşkilotlari bilan yetarliça integratsiya qilinmagani, ayrim tibbiyot muassasalarida raqamli platformalar yetarli darajada işlamagani oqibatida navbatlar yuzaga kelayotgani qayd etildi. Bir qator savollar va takliflar örtaga taşlandi.
Vazir öz maʼruzasida kelgusida yagona raqamli soğliqni saqlaş platformasini işga tuşiriş, elektron retseptni takomillaştiriş va keng joriy qiliş, raqamli boşqaruv mexanizmlarini rivojlantiriş, tizimdagi maʼlumotlarning zaxira nusxalarini yaratiş, umuman, raqamli tibbiyotda maʼlumotlardan foydalaniş imkoniyatini kengaytiriş hamda fuqarolarning şaxsiy maʼlumotlar daxlsizligini qatʼiy taʼminlaş muhim vazifalardan ekanini qayd etdi.
Muhokamalar yakunida vazirning axboroti maʼlumot uçun qabul qilinib, sohada parlament nazoratini samarali davom ettirişga kelişib olindi.
Muhtarama Komilova,
ÖzA



