25.11.2026, Chorshanba+14.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+14.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Qimmat uskunalar, isitish bilan bog‘liq muammolar va hosilni yo‘qotish xavfi. O‘zbekiston issiqxonachilari nimalardan shikoyat qilmoqda?

Iqtisod 25.11.2026 17:50 0Gazeta
Qimmat uskunalar, isitish bilan bog‘liq muammolar va hosilni yo‘qotish xavfi. O‘zbekiston issiqxonachilari nimalardan shikoyat qilmoqda?

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaliklari egalari 1-dekabrdan boshlab rioya etilishi lozim bo‘lgan yangi ekologik talablarni bajarishga ulgurmayotganlarini ma’lum qildilar. 16-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Prezident administratsiyasi vakillari monitoring tizimlarini arzonroq uskunalar bilan almashtirish imkoniyati va muddatni kechiktirish bo‘yicha takliflarni o‘rganib chiqishni topshirdi.

Muhokama Savdo-sanoat palatasida Prezident administratsiyasi, Energetika vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi vakillari hamda issiqxona xo‘jaliklari egalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Issiqxonalarni isitishga qo‘yiladigan yangi talablar

22-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida maxsus ekologik rejim joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hujjatga muvofiq, ko‘mir, briket va biomassa granulalaridan foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklari 2026-yil 1-dekabrgacha tabiiy yoki suyultirilgan gaz, elektr, geotermal, quyosh energiyasi yoxud elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligiga o‘tishlari shart.

Qattiq yoqilg‘idan foydalanishni davom ettirishga bir vaqtning o‘zida bir qator talablarni bajargan holdagina ruxsat beriladi. Xususan, qozonxonalar yoqilg‘i uzatish va yonishni boshqarishning avtomatik tizimlari, samarali chang-gaz tozalash filtrlari, tashlamalarni uzluksiz monitoring qilish tizimi (CEMS) hamda onlayn kameralar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.

Biroq tadbirkorlar bunday qisqa muddatda barcha talablarni bajarish deyarli imkonsiz ekanini ma’lum qilishdi.

“Bitta monitoring tizimi 759 mln so‘m turadi”

gaz, issiqxonalar, ko‘mir, umid мамаdaминов, элдор hamроев

Issiqxona biznesi egasi Xurshid Ahmedov tashlamalarni uzluksiz monitoring qiluvchi CEMS tizimini o‘rnatish bo‘yicha 759 mln so‘mlik tijorat taklifi olganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uskuna O‘zbekistonda erkin sotuvda yo‘q, uni xarid qilish, yetkazib berish va sozlash esa ancha vaqt talab qiladi. “Bu texnik jihatdan juda murakkab tizim. Xitoydan buyurtma qilinganidan so‘ng, uni yetkazib berishga 45 kun ketadi, keyin esa moslashtirish va o‘rnatish talab etiladi”, — deydi tadbirkor.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, bunday tizimlar asosan AQShdagi qozonlarining quvvati 100 MVt dan oshadigan yirik sanoat obyektlarida qo‘llaniladi, issiqxona xo‘jaliklari qozonxonalarining quvvati esa bundan ancha past (uning aytishicha, 100 baravar kam).

Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent va unga tutash hududlardagi ko‘plab issiqxonalarning (uning baholashicha — 70 foizining) maydoni bir gektarga ham yetmaydi, shu bois yuz millionlab so‘mlik uskunani xarid qilish ular uchun haddan tashqari og‘ir moliyaviy yukka aylanadi.

Tadbirkor arzonroq muqobil variantni ko‘rib chiqishni taklif qildi.

“Biz 759 mln so‘mlik uskuna o‘rniga 82 mln so‘mlik EcoPost o‘rnatishni taklif qilyapmiz. Ekologiya qo‘mitasi bizga 5 yil muddatga 350 mln so‘m subsidiya bermoqchi… Buning o‘rniga obyektlarimizga EcoPost o‘rnatib berishsin, biz esa xalqaro standartlarga muvofiq ishlashga tayyormiz”, — dedi u.

Ekologiya qo‘mitasi vakilining tushuntirishicha, CEMS tashlamalardagi ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasini avtomatik ravishda o‘lchash va natijalarni qo‘mitaning axborot tizimiga uzluksiz uzatib borish uchun mo‘ljallangan.

Uning ta’kidlashicha, bunday stansiyalarni joriy etishda texnik talablar, qozonxona qurilmalarining parametrlari hamda uskunalarni davlat monitoring tizimiga integratsiya qilish imkoniyatini hisobga olish zarur.

Eldor Hamroyev (markazda).Eldor Hamroyev (markazda).

Prezident administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Eldor Hamroyev mutaxassislarga tadbirkorlarning taklifini o‘rganib chiqishni topshirdi.

“Ular bilan bu masalani muhokama qiling. Uskunani arzonrog‘iga almashtirish imkoniyati bormi? Agar bunday imkoniyat mavjud bo‘lsa, qarorning tegishli bandini o‘zgartirish bo‘yicha taklif tayyorlang. Agar yo‘q bo‘lsa, buning nima uchun imkonsiz ekanini asoslab bering”, — dedi u.

Mingdan ortiq qozonxonani modernizatsiya qilish uchun taxminan 50 mln dollar talab etiladi — biznes

Axmedov, shuningdek, yangi ekologik talablarni bajarish bo‘yicha umumiy xarajatlar hisob-kitobini ham taqdim etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, talablar 991 ga yaqin yuridik shaxs va 1070 gektar issiqxonaga (qozonxonaga) ta’sir qiladi, uskunalarni modernizatsiya qilish, filtrlar, monitoring tizimlarini o‘rnatish va boshqa shartlarni bajarish esa tadbirkorlarga taxminan 50 mln dollarga tushishi mumkin. “Hammamiz Toshkentda yashaymiz, farzandlarimiz shu yerda katta bo‘lyapti va biz ham toza havodan manfaatdormiz… Lekin ekologik talablarni bajarish uchun tadbirkorlar o‘z hisobidan taxminan 50 mln dollar sarflashiga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, issiqxona egalari ekologik modernizatsiyaga qarshi emas. Ayrim xo‘jaliklar allaqachon filtrlarni sotib olgan, qozonxonalarni qayta jihozlash va zarur hujjatlarni tayyorlashni boshlagan.

Biroq bozorda uskunalar mavjud emasligi va ularni yetkazib berish uzoq vaqt talab qilishi tufayli ayrim talablarni darhol bajarishning iloji yo‘q.

Tadbirkor keltirgan qozonxonalar soni va kutilayotgan xarajatlar haqidagi ma’lumotlar biznesning o‘z hisob-kitobi hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkichlarni tasdiqlovchi rasmiy xatlov natijalari uchrashuvda taqdim etilmadi.

Filtrlar bilan, lekin CEMS tizimisiz ishlash mumkinmi?

gaz, issiqxonalar, ko‘mir, umid мамаdaминов, элдор hamроев

Tadbirkorlar talabga javob beradigan filtrlar o‘rnatilgan, lekin tashlamalarni uzluksiz monitoring qilish tizimi hali mavjud bo‘lmagan qozonxonalardan foydalanishga vaqtincha ruxsat berishni so‘radi. Ularning aytishicha, bunday qozonxonalar faoliyatining to‘xtatilishi yetishtirilayotgan hosilning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Uchrashuv ishtirokchilaridan birining ma’lum qilishicha, bu masala Toshkent viloyatidagi 470 gektarga yaqin issiqxonalar uchun dolzarbligicha qolmoqda.

“Agar filtr o‘rnatilgan va talablarga javob beradigan bo‘lsa, biz CEMS’ni o‘rnatgunimizgacha ma’lum vaqt ishlashimizga ruxsat berish mumkinmi? Agar CEMS va kameralarsiz ishlash mumkin emas, deyilsa, taxminan 470 gektar issiqxonaning masalasi ochiq qoladi”, — dedi tadbirkor.

Ishtirokchilar filtrlar allaqachon o‘rnatilgan va tashlamalarni zarur darajada tozalashni ta’minlayotgan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda joriy isitish mavsumi uchun o‘tish davrini taqdim etishni taklif qilishdi.

Ekologiya qo‘mitasi vakili idora monitoring tizimlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajribani va yagona texnik talablarni shakllantirish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, namoyish stansiyasini o‘rnatish ham ko‘zda tutilmoqda, uning asosida texnik shartlarni va uskunani qo‘mita axborot tizimiga ulash tartibini sinovdan o‘tkazib olish mumkin bo‘ladi.

Biroq tadbirkorlarning CEMS’siz ishlashni davom ettirish mumkinligi haqidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savoliga yakuniy javob bo‘lmadi.

Idora vakili biznesning takliflari Ekologiya qo‘mitasi rahbariyati ko‘rib chiqishi uchun tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv ishtirokchilari issiqxonalar hatto tabiiy gaz yoki markazlashgan issiqlik bilan isitilganda ham davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olish zarurligidan shikoyat qilishdi. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha hujjatlarni rasmiylashtirish vaqt va mablag‘ talab qiladi, ba’zida esa gaz ta’minoti bo‘yicha shartnomalar tuzishga to‘sqinlik qiladi.

Rasmiylar allaqachon faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar uchun bunday xulosalarning qanchalik zarurligini alohida o‘rganib chiqishni taklif qildi.

Gaz kafolatlanmaydi, ko‘mir cheklanadi

Issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash kafolatining yo‘qligi yana bir muammoga aylandi. Energetika vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov (hozirgi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi rahbari) uchrashuvda ma’lum qilishicha, konlarning tugab borayotgani va ularning qazib chiqarish quvvati pasaygani sababli O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi qisqarishda davom etmoqda.

Vazir o‘rinbosari tadbirkorlarga zaxira isitish tizimlarini, jumladan, suyultirilgan gazda ishlaydigan tizimlarni ko‘zda tutishni, shuningdek, elektr energiyasi va boshqa quvvat manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishni tavsiya qildi.

Biroq biznes vakillari yangi isitish tizimlariga o‘tish vaqt va katta sarmoya talab qilishini aytib javob qaytarishdi.

Xususan, suyultirilgan gazdan foydalanish maxsus rezervuarlar o‘rnatishni, xavfsizlik talablariga rioya etish hamda mavjud qozonxonalarni qayta jihozlashni taqozo etadi.

gaz, issiqxonalar, ko‘mir, umid мамаdaминов, элдор hamроев

Tadbirkor Hojimurod Nurmonovning ta’kidlashicha, ilgari ko‘plab issiqxonalar gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lganda zaxira yoqilg‘i sifatida ko‘mirdan foydalanar edi. Endilikda, uning so‘zlariga ko‘ra, qimmat tozalash uskunalari va monitoring tizimlarisiz ko‘mirdan foydalanib bo‘lmay qoladi.

Uchrashuv ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, bu muammo ayniqsa ko‘chatlari ekib bo‘lingan va haroratni uzluksiz bir me’yorda saqlash talab etiladigan xo‘jaliklar oldida nihoyatda keskin turibdi.

Tadbirkorlar qattiq sovuq tushganda va gaz ta’minoti to‘xtatilganda issiqxonalar zaxira isitish tizimisiz qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu esa hosilning nobud bo‘lishi va moliyaviy yo‘qotishlar xavfini tug‘diradi.

Issiqxonalar avval ulangan stansiyalardan issiqlik ololmayapti

Uchrashuvda Zangiota va Toshkent tumanlari tadbirkorlari alohida masala ko‘tardi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi yillarda ayrim xo‘jaliklar yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida issiqlik markazlaridan issiqlik energiyasini olib kelgan. Biroq joriy isitish mavsumida ular ta’minotni qayta tiklay olmayapti.

Tadbirkor Mirqodir Mahkamovning ma’lum qilishicha, uning xo‘jaligi avvallari har yili markazlashgan issiqlik energiyasini olib, undan pomidor, bodring va boshqa mahsulotlarni yetishtirishda foydalangan.

“Ilgari har yili stansiyadan issiqlik olardik. O‘tgan yili ham issiqlik energiyasi bilan ta’minlangandik. Hozir aholiga issiqlik berila boshlandi, biz esa ulana olmayapmiz. Issiqxonalarimiz bo‘sh turibdi, ko‘chatlarga buyurtma berilgan, lekin ekishni haligacha boshlaganimiz yo‘q”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xo‘jalik ishga shay holatga keltirilgan bo‘lsa-da, issiqlik yo‘qligi mavsum boshlanishini kechiktirmoqda.

Energetika sohasi vakilining tushuntirishicha, aholini issiqlik bilan ta’minlash ijtimoiy xizmatlar sirasiga kiradi va davlat tomonidan subsidiyalanadi.

“Bilasizki, issiqlik ta’minoti — ijtimoiy masala. Aholiga issiqlik davlat subsidiyalari hisobiga belgilangan narxda yetkazib beriladi. Bunday tizim boshqa sohalarga ham tatbiq etilsa, bu davlat uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi. Shu bois hammani issiqlik bilan ta’minlashning hozircha imkoni bo‘lmayapti”, — deya ta’kidladi u.

Tadbirkorlar bunga e’tiroz bildirib, ilgari issiqlik markazlarining o‘zi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzganlarini va yetkazib beriladigan energiya haqini to‘lashga tayyor ekanlarini aytishdi.

Xuddi shunday muammoni Bioaktis kompaniyasi vakili Nodir Filov ham o‘rtaga tashladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xo‘jalik ilgari ko‘mir qozonlaridan foydalangan, biroq markazlashgan issiqlik ta’minotiga o‘tish bo‘yicha tavsiyalardan so‘ng isitish tizimini qayta jihozlashga 50 mln so‘mga yaqin mablag‘ kiritgan.

“O‘tgan yili 50 mln so‘m sarfladik. Bizga ko‘mir qozonlaridan foydalanmaslikni va issiqlik energiyasiga o‘tishni aytishgandi. Hammasini tayyorlab qo‘ydik. Hozir issiqlik uchun hatto oldindan to‘lov qilishga ham tayyormiz, lekin uni bizga berishmayapti”, — deydi tadbirkor.

Muhokama davomida 9- va 10-sonli issiqlik markazlari, shuningdek, Nazarbek hududidagi issiqlik obyektlari tilga olindi.

Ishtirokchilar hukumat qarorida elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishga ruxsat berilgani, biroq mavjud issiqlik markazlarining barchasi ham bu toifaga kirmasligiga e’tibor qaratishdi.

Mutasaddi idoralar vakillari ayrim issiqxona xo‘jaliklarini tarmoqqa ulash va ular bilan shartnoma tuzish rad etilganining sabablarini qo‘shimcha ravishda o‘rganib chiqishga va’da berdi.

Uchrashuvda issiqlik ta’minotini tiklash bo‘yicha umumiy bir qaror e’lon qilinmadi.

5700 dan ortiq kichik issiqxonalar. “Biz bir mavsum davomida hech narsa yetishtirmadik”

Uchrashuvda kichik oilaviy issiqxona xo‘jaliklarining ahvoli alohida muhokama qilindi, ular uchun yangi ekologik talablarni bajarish og‘ir moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin.

Tadbirkor Xurshid Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent viloyatida maydoni 10 sotixdan kam bo‘lgan issiqxonalarga ega 5723 ta xonadon mavjud. Ko‘plab oilalar uchun sabzavot va gul yetishtirish asosiy daromad manbai bo‘lib, bu faoliyatning o‘zi avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.

“Bu odamlar o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaydi. Ularning bobosi ham, otasi ham issiqxonachi bo‘lgan, o‘g‘li ham issiqxonada katta bo‘lgan”, — dedi u.

Ahmedov yirik sanoat issiqxonalari va kichik tomorqa xo‘jaliklari uchun ekologik talablarni farqlashni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha sotix yer egalarining chiqindilarni monitoring qilish bo‘yicha qimmat tizimlarni o‘rnatishga va qozonxonalarni qayta jihozlashga qurbi yetmaydi.

Shuningdek, u isitish bo‘yicha talablardagi noaniqlik tufayli issiqxona xo‘jaliklarining bir qismi allaqachon bitta mavsumni o‘tkazib yuborganini eslatdi.

“Avgust voqealaridan so‘ng, filtr o‘rnatish mumkinligi va issiqxonalarni ko‘chirish to‘xtatilishi aytilganda, odamlarda umid paydo bo‘ldi. Ungacha ular butun bir mavsum hech narsa ekmadi. 1000 gektarga yaqin issiqxonaga ekin ekilmadi. Pomidor hisobida oladigan bo‘lsak, 100 ming tonna mahsulot yo‘qotdik”, — dedi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, filtrlar bilan ishlashni davom ettirishga ruxsat berilgandan so‘ng, tadbirkorlar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishni, uskunalar sotib olishni va ko‘chat ekishni boshlagan. Biroq CEMS tizimini o‘rnatish kabi qo‘shimcha talablarning paydo bo‘lishi yana mavhumlikni yuzaga keltirgan.

“Kimningdir hosili 15-dekabrga borib pishadi, kimnikidir — 1-yanvarga. Hosil nobud bo‘lmasligi uchun yo‘l xaritasi va muddatlarni belgilab olaylik”, — deya taklif qildi Ahmedov.

Shuningdek, u xo‘jaliklardan birida 50 sotixga yaqin maydondagi gullarni sovuq urib ketgani haqida ham so‘zlab berdi.

“Qozog‘istonda mahsulot yetishtirilyapti, bizda esa odamlar ishsiz qoldi”

gaz, issiqxonalar, ko‘mir, umid мамаdaминов, элдор hamроев

Ayniqsa, Toshkent viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh Qibray tumanidan kelgan tadbirkorning chiqishi juda ehtirosli bo‘ldi.

““Madaniyat” mahallasidagi xonadonlarning deyarli 95 foizida uch, to‘rt, besh sotixli issiqxonalar bor. U yerda sakkiz-to‘qqiz kishilik oilalar yashaydi, keksa ota-onalar bor. Odamlar gul, bodring yetishtiradi. Hozir “Madaniyat”ga kelsangiz — odamlar ko‘chada ishsiz yuribdi, chunki ekologlar ularni bezor qilib yubordi. Kecha tushgan sovuq ko‘pchilikning hosilini nobud qildi”, — dedi u.

Tadbirkorning ma’lum qilishicha, ekologik tekshiruvlar va isitishga qo‘yilgan cheklovlar tufayli ayrim fuqarolar issiqxonalardan foydalanishni to‘xtatib, asosiy daromad manbaidan mahrum bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy muammolar faqatgina ishlab chiqarishga ta’sir qilmayapti. Oilalar soliq to‘lashi, farzandlarini boqishi va keksa ota-onalariga yordam berishi kerak.

“Bugun bu yerga kelayotgan edim — bir odamning oldiga uy solig‘ini (mol-mulk solig‘i nazarda tutilyapti, tahr.) to‘lashni talab qilib kelishdi. Onasi so‘rayapti: u pulni qayerdan oladi? Axir u bu soliqni kichik issiqxonasidan topgan daromadidan to‘lardi”, — deya hikoya qildi uchrashuv ishtirokchisi.

Shuningdek, u Qozog‘iston bilan chegara yaqinligiga e’tibor qaratib, qo‘shni davlatda issiqxona xo‘jaliklari isitish tizimidan foydalanish va mahsulot yetishtirishni davom ettirayotganini, o‘zbekistonlik tadbirkorlar esa cheklovlarga duch kelayotganini ta’kidladi.

Tadbirkor, shuningdek, chegaraga tutash hududlardagi havo ifloslanishining bir qismi Qozog‘iston hududidan shamol bilan birga kelayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

“Bir yildan beri hamma narsada Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni ayblashadi. Lekin shamol Qozog‘iston tomondan esadi, u yerdan tutun ham kirib keladi. Nega faqat bizning issiqxonalarimiz aybdor? Bizga: yoping, buzib tashlang, ishlashni to‘xtating, deyishyapti”, — deya norozilik bildirdi u.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, biznes va jurnalistlar bilan o‘tkazilgan qator uchrashuvlarda rasmiylar ifloslantiruvchi moddalarning bir qismi issiqxonalar ko‘mir bilan isitiladigan Qozog‘istondan kirib kelishini tasdiqlagandi. Muammoni hal etish uchun Qozog‘iston tomoni bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgandi.

Muhokama davomida vaziyatni bevosita o‘rganish hamda foto va videotasvirga qayd etish maqsadida idoralar vakillari va tadbirkorlarning chegaraga tutash hududlar aholi punktlariga borishini tashkil etish taklifi bildirildi.

Hokimiyat vakili, o‘z navbatida, ekologik cheklovlar Toshkentda havoning jiddiy ifloslanishi tufayli joriy etilganini eslatdi.

“O‘tgan yili ekologik vaziyat shunchalik yomonlashdiki, Toshkentda yashab bo‘lmay qoldi. Gap aholi salomatligi haqida boryapti. Biz tadbirkorlarga ham, odamlarga ham zarar yetkazmaydigan yechim topishimiz kerak”, — dedi u.

“Ko‘mir yoqsam — ekologlar keladi, gaz yoqsam — gazchilar”

gaz, issiqxonalar, ko‘mir, umid мамаdaминов, элдор hamроев

Ikkita kichik issiqxonasi bor yana bir tadbirkor doimiy tekshiruvlar va isitish bilan bog‘liq qiyinchiliklar haqida gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oilada ikki nafar talaba to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi, kichik xo‘jaliklardan keladigan daromad esa joriy xarajatlarga zo‘rg‘a yetadi.

“Uyimda ikki sotixli issiqxonam bor. Ikki farzandim kontraktda o‘qiydi. Ularning o‘qish pulini qanday to‘layman? Bolalar va nabiralar maktabga boradi. Hozir hamma joyni plyonka bilan yopib chiqdim, lekin kun biroz sovisa, o‘simliklar muzlab qoladi”, — dedi u.

Tadbirkorning ma’lum qilishicha, yoqilg‘idan foydalanish bo‘yicha cheklovlar uni doim tekshiruvlardan xavotirlanib yashashga majbur qilmoqda.

“Ko‘mir yoqsam, ekologlar eshigimni taqillatadi. Gaz ishlatsam — gazchilar keladi. Shunda men dehqonchilik bilan shug‘ullanib, mehnat qilib, qandaydir xalq dushmaniga aylanib qolgan bo‘lyapmanmi? Boshqalardan yashirinib ishlashimga to‘g‘ri kelyapti. Nima uchun?” — deya savol qo‘ydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, u filtr o‘rnatishga qarshi emas, biroq kichik oilaviy xo‘jalik barcha ekologik talablarni o‘z kuchi bilan qanday bajarishi mumkinligini tushunmayapti.

“Filtr o‘rnat, deyishadi. Lekin ikkita kichkina issiqxona bilan bu talablarning hammasini qanday bajaraman? Daromadim u darajada katta emas”, — deya ta’kidladi tadbirkor.

Uchrashuv ishtirokchisi elektr tarmoqlariga ulanish muammosiga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u elektr bilan isitish tizimiga o‘tishni mo‘ljallab, Quyi Chirchiq tumanidagi o‘rmon xo‘jaligidan bir gektar yerni 49 yilga ijaraga olgan.

Biroq elektr ta’minotiga ulanish uchun murojaat qilganida, undan yer uchastkasining kadastr hujjatlari talab qilingan.

“Men aytyapman: „Menga gaz kerak emas, gaz muammosi borligini tushunaman. Menga elektr kerak“… Yerni 49 yilga ijaraga olganman, mendan esa kadastr talab qilishyapti. Kadastrsiz elektr bermaymiz, deyishyapti. „Axir men bu yerni sotib olmaganman, ijaraga olganman-ku“, dedim”, — deya so‘zlab berdi u.

Tadbirkorning aytishicha, oqibatda u qo‘shnisining xususiy transformatori orqali ulanishga va iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni u orqali amalga oshirishga majbur bo‘lgan.

Biznesni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti vakillari kadastr organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan ijara shartnomasi tarmoqqa ulanish uchun asos bo‘lishi kerakligini tushuntirishdi. Ular vaziyatni alohida o‘rganib chiqishni va tadbirkorga qonuniy yo‘l bilan ulanishni rasmiylashtirishda yordam berishni taklif qilishdi.

Faoliyat yuritayotgan issiqxonalar uchun subsidiyalarni kengaytirish iltimosi

gaz, issiqxonalar, ko‘mir, umid мамаdaминов, элдор hamроев

Xurshid Ahmedov, shuningdek, 200 mln so‘mgacha bo‘lgan subsidiyalarni hozirda faoliyat yuritayotgan kichik issiqxona egalariga ham tatbiq etishni taklif qildi.

U quyosh panellari, issiqlik nasoslari va boshqa energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy xo‘jaliklarni tashkil etish bo‘yicha davlat dasturi haqida eslatib o‘tdi.

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yordam so‘rab murojaat qilgan tadbirkorlarga bu ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi (“Temir daftar”ga kiritilgan) oilalar uchun mo‘ljallangani tushuntiriladi.

“Ushbu 200 mln so‘m mablag‘ issiqxonasi va ish tajribasi bor odamga berilsa, u ishlab chiqarishni rivojlantirib, kam ta’minlangan oilalardan yana to‘rt kishini ish bilan ta’minlay oladi. Keling, hozirning o‘zida bu ish bilan shug‘ullanayotganlarni qo‘llab-quvvatlaylik”, — deya taklif qildi Ahmedov.

Gap Toshkent viloyatining beshta tumanidagi 50 ta mahallada Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ayrim oilalar uchun zamonaviy issiqxonalar tashkil etish uchun 200 mln so‘mgacha subsidiya ajratishni nazarda tutuvchi 2026-yil 13-oktabrdagi prezident qarori (PQ-371) haqida bormoqda. Faoliyat yuritayotgan tomorqa issiqxonalari uchun esa boshqa qo‘llab-quvvatlash chorasi — energiya tejovchi isitish uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40 foizini, biroq 100 mln so‘mdan oshmagan qismini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Ahmedov maxsus o‘g‘itlar, issiqxona plyonkasi va ko‘mir importiga bojxona yukini kamaytirishni taklif qildi.

Uning fikricha, bu yetishtirilayotgan mahsulot tannarxini pasaytirish va kichik xo‘jaliklarda ish o‘rinlarini saqlab qolish imkonini bergan bo‘lardi.

“Biz davlatdan shunchaki pul yoki kredit berishni so‘ramayapmiz. Ishlash uchun sharoit yarating, import uchun imkoniyatlar oching, kichik imtiyozlar bering. Shunda biz ishlab chiqarishni rivojlantira olamiz, mahsulotlarni eksport qilamiz va O‘zbekiston brendlarini kelajak avlod uchun saqlab qolamiz”, — dedi tadbirkor.

Uchrashuv ishtirokchilari nafaqat havo ifloslanishini kamaytirish zarurligini, balki issiqxonalar hajmini, oilalarning moliyaviy imkoniyatlarini, ishlab chiqarishning mavsumiyligi va isitish to‘xtatilganda hosilni boy berish xavfini ham hisobga olishga chaqirdi.

Kichik xo‘jaliklar uchun talablarni yumshatish, o‘tish davrini taqdim etish va subsidiya olish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha takliflar kelgusida ko‘rib chiqish uchun topshirildi. Uchrashuvda yakuniy qarorlar e’lon qilinmadi.

Davlat qanday subsidiya va kreditlarni nazarda tutgan?

Vazirlar Mahkamasining 586-sonli qarorida maxsus ekologik zonada joylashgan issiqxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir nechta chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

2028-yil 1-yanvargacha davlat chang-gaz tozalash uskunalari, qozonxona qurilmalari, energiya tejovchi ekranlar va muqobil isitish texnologiyalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizini subsidiyalaydi. Qo‘llab-quvvatlashning eng yuqori miqdori — gektariga 50 mln so‘m. CEMS tizimlarini sotib olish uchun bitta stansiyaga 350 mln so‘mgacha moliyalashtirish, yetti yilga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan, ko‘zda tutilgan.

Bunda gap beg‘araz subsidiya haqida emas, balki qaytariladigan moliyalashtirish haqida bormoqda. Shartlarda uskunani majburiy o‘rnatish, uni Ekologiya qo‘mitasi tizimi bilan integratsiya qilish hamda ma’lumotlarni uzluksiz uzatib borish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2026−2027-yillarda elektr, geotermal, quyosh yordamida isitish va kogeneratsiyaga o‘tish uchun yillik 14 foiz stavkada yetti yil muddatga, jumladan, uch yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Moliyalashtirish hajmi loyiha qiymatining 50 foizigacha bo‘lishi mumkin, ammo har gektariga 3 mlrd so‘mdan oshmasligi kerak.

Talablar qayta ko‘rib chiqiladimi?

Ochiq muloqot yakunlariga ko‘ra, davlat organlari vakillari issiqxona xo‘jaliklarining takliflarini qo‘shimcha o‘rganib chiqishga rozi bo‘lishdi.

Xususan, Ekologiya qo‘mitasi mutaxassislariga CEMS’ni tashlamalarni monitoring qilishning arzonroq tizimlariga almashtirish imkoniyati yuzasidan asoslantirilgan pozitsiyani taqdim etish topshirildi.

Shuningdek, tadbirkorlar filtrlarni o‘rnatib, tashlamalarni tozalash bo‘yicha asosiy talablarni bajargan, biroq hali monitoring tizimlarini xarid qilishga ulgurmagan xo‘jaliklarga o‘tish davri berilishini so‘rashdi.

Ekologik xulosalar olish, gaz tarmoqlari va markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanish, shuningdek, kichik issiqxona xo‘jaliklarining davlat subsidiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida ko‘rib chiqishni talab etadi.

O‘xshash yangiliklar